O‘zbekiston | 23:40 / 27.06.2018
40069
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent-Jidda-Toshkent reysi yo‘lga qo‘yiladi

Foto: KUN.UZ

Haftasiga bir marta Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishidagi reyslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi

26 iyun kuni "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK direksiyasida aviakompaniya va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda shuningdek ziyorat turizmi dasturi bo‘yicha bevosita sayyohlarni jalb qilish bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar ham ishtirok etishdi. 

Muzokaralar davomida mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish konsepsiyasi, bu masalada milliy aviatashuvchining roli, shuningdek Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish imkoni muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, MAK tomonidan 2018-2019 qishki navigatsiya davrida haftasiga bir marta Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishidagi reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasini ishlab chiqishga kelishib olindi. Reyslar Boeing 767 hamda 787Dreamliner avialaynerlarida amalga oshiriladi. 

Reyslarni amalga oshirishni boshlash sanasi va parvozlar jadvali haqida qo‘shimcha xabar beriladi, deyiladi manbada. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid