Jamiyat | 02:00 / 28.06.2018
13259
5 daqiqa o‘qiladi

“Xayriyat, Kun.uz ishlay boshladi!” - bayram qanday qarshi olingani haqida

​O‘zbekistonda matbaa va ommaviy axborot vositalari xodimlari bayrami bu yil o‘zgacha qarshi olindi, deyilsa ham bo‘ladi. Bunday deb aytishimizga o‘ziga xos sub'yektiv sabablar mavjud. Masalan, Kun.uz va boshqa saytlar bilan yuz bergan texnik nosozliklar serharakatchanlik bilan bartaraf etildi.

Gapning indallosini aytsak, 18 iyundan buyon texnik nosozlik tufayli O‘zbekistonning yirik axborot, yangilik tarqatuvchi saytlariga kirish qiyin bo‘lib qoldi. Bu orada sayt mutasaddilari va texnik xodimlar masalaga turli tomondan yondashib, yechim izladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Azim Axmedxodjayev bilan uchrashuvdan so‘ng, vazirlik mazkur masala bilan astoydil shug‘ullanishi, vakolati doirasida barcha yordam ko‘rsatilishi bildirildi.

Shundan so‘ng, tashqi DDOS hujumlar, serverdagi bir qancha nosozliklar, uzoq vaqt davomida yig‘ilgan tresh-spamlar sayt faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgani aniqlandi. Bizga bu masalada katta yordam ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazir​ligi huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi texnik xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz.

Endi asosiy gapga qaytsak. “O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasini shakllantirishda g‘oyat muhim rol o‘ynayotgan” matbuot va OAV xodimlarini qutlab, shaxsan Shavkat Mirziyoyev tabrik yo‘lladi.  Unda aytilishicha, ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu – zamon talabi, islohotlarimiz maqsadi.

“Haqiqatan ham, har qanday murakkab sharoitda ham adolat tamoyiliga, o‘zining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolish, odamlarni qiynayotgan kamchilik va muammolarni dadillik bilan ko‘tarib chiqish, ularni bartaraf etish uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishga, avvalo, sizlar kabi ma'naviy jasorat egalarigina qodir bo‘ladi”, deydi davlat rahbari tabrik so‘zida va bu ishonch barcha hamkasblarimizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi, deb ishonamiz.

Kun.uz sayti bilan yuz bergan texnik nosozliklardan xavotirga tushib, murojaat yo‘llagan mushtariylarimiz ko‘p bo‘ldi. Bular orasida davlat tashkilotlari, korxona va idora rahbarlari ham samimiy ko‘magini taklif etdi. Axborot hamkorlarimiz shunchaki “hamdard”ligini bildirish bilan cheklanib qolishmadi, balki amaliy yordam berish istagida ekanligini ularning har bir so‘zdan anglash mumkin edi.

27 iyun yurtimizda Matbaa va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlandi. O‘zbek milliy akademik drama teatrida ana shu sanaga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda vazirlik va idoralar, jamoat vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlari jurnalistika fakultetlarining professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbaa va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigini davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Kun davomida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi binosida munosib jurnalistlarni serunum mehnati uchun taqdirlashdi. Biroz o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining matbuot kotibi Komil Allamjonov jurnalistlar bilan noformal uchrashuvda ishtirok etib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

O‘zbekistonda 27 iyun — matbaa va ommaviy axborot vositalari xodimlari bayrami o‘zgacha qarshi olindi. Saytdagi nosozlik bartaraf etildi, bayramona kayfiyat ulashib, barcha yaqinlarimiz, axborot hamkorlar, vazirlik va tashkilot rahbarlari tabrik yo‘lladi. Eng muhim so‘zni xalq aytdi: “Xayriyat, Kun.uz ishlay boshladi!”

Hurmatli Kun.uz mushtariylari!

Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda tarqatilayotgan, tekshirilmagan xabarlardan saqlanishingizni tavsiya qilamiz.

Erkin va mustaqil jurnalistika katta islohotlarga yuz burgan O‘zbekistonning ajralmas bir qismi bo‘lib qolmoqda, so‘nggi paytda davlat rahbari, hukumat a'zolari va parlamentariylar bunga katta ahamiyat bermoqda.

Yana bir bor eslatamiz: Kun.uz sayti bilan yuz bergan texnik nosozlik bartaraf etildi. Bizni kuzatib borishingizdan mamnunmiz.

Tahririyat.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid