O‘zbekiston | 04:43 / 29.06.2018
8640
4 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi miqyosida ilk bor “Tank biatloni” musobaqasi o‘tkazildi

Foto: Mudofaa vazirligi

24—26 iyun kunlari Toshkent harbiy okrugi “Chirchiq” umumqo‘shin dala o‘quv maydoni bazasida birinchi marotaba Mudofaa vazirligi miqyosida “Tank biatloni” musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqa jarayonini Mudofaa vazirligi va harbiy okruglar mas'ul ofitserlari, oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlari, Toshkent viloyati hokimligi vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari va aholi (chipta to‘lovi asosida) kuzatdi.

Ikki bosqichli musobaqaning dastlabki kuni T-72 rusumli tankda Janubi-g‘arbiy maxsus, Markaziy, Toshkent harbiy okruglari harbiy xizmatchilari va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlaridan iborat jami to‘rtta jamoa umumiy uzunligi 4 ming 200 metr bo‘lgan estafeta aylanasi bo‘ylab bahslarga kirishdi.

“Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida birinchi marotaba o‘tkazilayotgan ushbu tank biatloni musobaqasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Bu kabi bellashuvlar kelgusidagi xalqaro musobaqalar uchun tramplin vazifasini o‘taydi. Yodingizda bo‘lsa, 2017 yil Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22 ta poligonida 28 ta mamlakat harbiy xizmatchilari ishtirokida “ARMI-2017” uchinchi xalqaro armiya o‘yinlarida vakillarimiz faxrli o‘rinlarni egallagan edi”, – deydi musobaqa bosh hakami polkovnik Alisher Alijonov.

Foto: Ministerstvo oborony
Foto: Ministerstvo oborony

Musobaqa shartlari davomida professional harbiy xizmatchilar T-72 tankining nimalarga qodir ekanini tezlik va aniqlik mezonlari asosida ko‘rsatib berdi.

T-72 tankida kechgan bahsning yakuniy natijalari:

3 o‘rin ekipaj komandiri: serjant Nizom Boyqobilov (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug);

2 o‘rin — ekipaj komandiri: kursant Shahzod Mamadiyorov (Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti);

1 o‘rin — ekipaj komandiri va a'zolari: katta leytenant Muhriddin Hoshimov, mexanik haydovchi – katta serjant Xurshid Haydarov, mo‘ljalga oluvchi-operator – serjant Ubaydullo Turdialiyev (Toshkent harbiy okrugi).

Foto: Ministerstvo oborony

Musobaqaning ikkinchi bosqichida Mudofaa vazirligi harbiy okruglari va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtidan jami oltita jamoa ishtirokida T-62 tankida musobaqa o‘tkazildi.

T-62 tankida kechgan bahslarning yakuniy natijalari:

3 o‘rinekipaj komandiri: kichik serjant Nodir Mo‘minov (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug);

2 o‘rin — ekipaj komandiri: leytenant Muhriddin Nuriddinov (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug);

1 o‘rin — ekipaj komandiri va a'zolari: kichik serjant Abdulaziz G‘aniyev, mexanik haydovchi – kichik serjant G‘ayrat Mahmudov, mo‘ljalga oluvchi-operator – shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Azimjon Ro‘zaliyev, o‘qlovchi – shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Umar Toshpo‘latov (Toshkent harbiy okrugi).

Foto: Ministerstvo oborony

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov g‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom va esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi.

Mavzuga oid