Jamiyat | 15:35 / 02.07.2018
21047
5 daqiqa o‘qiladi

Bekobod MIB sholikor dardini eshitdi – muammo hal bo‘ldi

KUN.UZ saytiga Toshkent viloyati Bekobod tumanida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligidan murojaat kelib tushdi. Unda davlat rahbarining fermerlar qarzdorligini 3 yilga muzlatish to‘g‘risidagi farmoniga qaramay, tuman MIB fermerdan 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra mavjud bo‘lgan 30 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lashni talab qilish chog‘ida noqonuniy ishlarni amalga oshirgani iddao etilgan edi. Fermer xo‘jaligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar zudlik bilan aniq choralar ko‘rilmasa, bu yilgi sholi hosili nest-nobud bo‘lishi mumkin.

Sayyor guruhimiz bilan ushbu tumanga bordik va dastavval “Abu Fotih Agro” fermer xo‘jaligi rahbari Mirzabahodir Abdukarimov bilan birgalikda vaziyatni o‘rgandik. 

“Sholipoyaga suv qo‘yishimiz kerak, ammo MIB xodimi nasosni ishlatish uchun zarur bo‘lgan katushkani hech bir hujjatni rasmiylashtirmasdan, o‘tgan yilgi qarzdorligimizni undirish maqsadida olib ketdi. 30 mln so‘mlik qarzdorlikni to‘lasang, katushkani olasan, dedi. Mana ko‘rib turibsiz, sholilarga suv qo‘yishimiz kerak, ammo 5 kundirki, bunday qila olmayapmiz. Agar shu holda yana 5 kun tursa, sholi hosilini yo‘qotamiz”, - deydi M.Abdukarimov. 

Biz sholi maydonlarini aylanar ekanmiz, unib chiqqanlaridan tashqari, suv to‘xtab qolgani bois, unmagan maydonlarga ham ko‘zimiz tushdi. 

“Axir bu yerga 8 tonna urug‘lik sepildi. Ishchilarimiz bor. Qolaversa, bu yil birinchi marotaba “Ohangaron Don” AJ bilan davlat ehtiyojlari uchun shartnoma imzolab, 33 tonna sholi yetkazib berishimiz kerak. Lekin hosil taqdiri noma'lum bo‘lib turganidan keyin shuncha xarajat ortidan kuz kelganda ishchilarimizga nima berishni ham bilolmay turibmiz”- dedi Mirzobahodir aka. 

Ma'lum bo‘lishicha, MIB xodimi fermer xo‘jaligining 2017 yildagi qarzdorligini undirish maqsadida keskin yo‘l tutib, unishi uchun suv qo‘yilishi juda zarur bo‘lishiga qaramay, nasos katushkasini olib ketgan. Biroq bu holatni qonuniy hujjatlashtirmagan. Qolaversa, Prezidentning 2018 yil 28 fevraldagi PQ-3574-sonli qarorining 3-bandida fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar oldidagi qarzdorligi 3 yil muddatga muzlatilganini inobatga olmagan. 

Tuman elektr tarmoqlari bo‘limi esa, MIBga taqdim etgan hujjatida fermer xo‘jaligining qarzdorligini mazkur qarordan kelib chiqqan holda penyasiz qayta hisoblamagan. Buning sababini surishtirganimizda sholi yetishtiruvchi fermerlarga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi 1144-sonli qaroriga muvofiq subsidiyalar ajratilishi nazarda tutilmagani bilan izohlashdi. Vaholanki, Prezident qarorida paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish haqida so‘z boradi. 

Unda boshoqli don so‘ziga alohida izoh berilmagani quyi boshqaruv bo‘g‘inlarida tushunmovchilik kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Ular boshoqli don deganda faqat bug‘doy ko‘zda tutilishini ta'kidlashmoqda. Biz “boshoqli don” iborasiga izoh so‘rab O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga murojaat qilganimizda, garchi sholi boshoqli donlar turkumiga kirsa-da, nima uchundir sholi yetishtiruvchilar davlat subsidiyasi ro‘yxatiga kiritilmaganini bildirishdi. 

Biz muammo bo‘yicha izoh olish maqsadida Bekobod tuman MIB boshlig‘i Abdurasul Mahkamov bilan uchrashdik. 

A.Mahkamov muammoning mohiyatini anglaganidan so‘ng, fermer qarzdorligini undirish bo‘yicha xodimlar tomonidan anglashilmovchilikka yo‘l qo‘yilganini qayd etar ekan, masalani joyida hal qilish chorasini ko‘rishini bildirdi. “Bu yerda birinchi galda hosil taqdirini o‘ylashimiz kerak. Ekilgan sholi nest-nobud bo‘lmasdan unib chiqishi uchun suv juda zarur bo‘lgani sababli nasos ishlaydi. Buning chorasi ko‘riladi”, - dedi Abdurasul aka. 

Biz Bekobodni tark etishga ulgurmasdanoq, tuman MIB boshlig‘i amaliy chora ko‘rib, nasosga elektr tokini uzatishda zarur bo‘lgan uskuna olib kelib o‘rnatilgani haqida murojaatchilar ma'lum qildi. 

Mavzuga oid