O‘zbekiston | 16:03 / 03.07.2018
3526
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov AQSh elchisi bilan bo‘lajak tadbirlar muddatini muhokama qildi

Joriy yilning 3 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Leora Spratlenni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Suhbat davomida O‘zbekiston-AQSh munosabatlarining joriy masalalari, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-17-may kunlari AQShga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi-nazaridan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi», deyiladi xabar matnida.

Ma'lum qilinishicha, uchrashuvda ikki tomonlama bo‘lajak tadbirlar muddatlari va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, AQShning O‘zbekistondagi elchisi tez orada o‘z missiyasini yakunlab, uning o‘rniga yangi elchi faoliyatini boshlashi kutilmoqda.

Oq uy axborotiga ko‘ra, Prezidenti Donald Tramp Davlat departamenti kotib yordamchisining o‘rinbosari Deniyel Rozenblyumni ushbu lavozimga tavsiya etgan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid