Jahon | 17:53 / 09.07.2018
11443
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an inauguratsiyasiga 22 davlat rahbari tashrif buyuradi

Foto: REUTERS

Bugun, 9 iyul kuni Turkiya poytaxti Anqarada qayta saylangan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning lavozimiga tantanali kirishish marosimi bo‘lib o‘tadi. Beshtepa Prezidentlik majmuasida tashkil etiladigan marosimda 22 davlat rahbari, 28 davlat bosh vazirlar va parlament spikerlari ishtirok etadi. 

Turk yetakchisi ma'muriyatida ma'lum qilishlaricha, Erdo‘g‘an mahalliy vaqt bilan soat 16:30da (18-30 tvb) Buyuk milliy majlis binosida to‘plangan hukumat a'zolari hamda deputatlar qarshisida qasamyod qiladi. Shundan so‘ng, Turkiya respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk mavzoleyiga boradi.

Soat 18:00da Prezident majmuasida davlat va hukumat rahbarlari, delegatsiyalar ishtirokida tantanali marosim boshlanadi. Inauguratsiyadan so‘ng, davlat va hukumat rahbarlari, parlamentlar spikerlari uchun kechki dasturxon yoziladi. 

Shundan so‘ng, prezident Erdo‘g‘an Prezident majmuasida matbuot anjumanida ishtirok etadi va jamoatchilik oldida chiqish qiladi. 

Taklif etilganlar orasida YeXHT bosh kotibi Tomas Greminger, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xalil Ibrohim Aqcha kabilar ham bor. 

Ma'lumki, O‘zbekiston tomonidan ushbu marosimda Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etadi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid