O‘zbekiston | 21:52 / 13.07.2018
19160
4 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi maktabda majburiy mehnat holati hamon mavjud

Namanganda 26-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi farroshi xususiy korxonada deraza yuvayotib, uchinchi qavatdan tushib ketdi. Andijon viloyatida Rossiya Federatsiyasiga borib, qisman mehnat layoqatini yo‘qotib qaytgan to‘rt nafar farzandning onasi davlatdan yordam so‘rab murojaat qilgan. Ushbu vaziyatlarni o‘rganib chiqish va hududlardagi masala yechimini topish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. Kudbiyev topshirig‘i bilan vazirning birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov boshchiligidagi vazirlik ishchi guruhi 12 iyul kuni Farg‘ona vodiysiga yetib keldi. Bu haqda vazirlikning Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilindi.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 

Namangan shahri 26-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi farroshlari I.Usmonova hamda M.Jabroilova yakshanba kuni xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.Mo‘minova tomonidan ishga chaqirtirilib, u yerdan maktab direktori M.Jalilova tomonidan «Humo SB» xususiy korxonasiga tozalik ishlariga yuborilgan. Ayollarga og‘zaki kelishuv asosida haq to‘lash va'da qilingan.

Derazalarni yuvayotgan paytda I.Usmonova muvozanatini yo‘qotib, uchinchi qavat oynasidan tushib ketadi va tana qismlari sinishi va ko‘p sonli jarohatlar oladi. Bugungi kunda I.Usmonova Respublika tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazining Namangan filialida turg‘un og‘ir ahvolda bo‘lib kelmoqda.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 26-sonli maktab farroshlari direktor o‘rinbosari N.Mo‘minova tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingani aniqlandi. Shuningdek, «Humo SB» direktori B.Samatov tomonidan fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatlari bajarilmaganligi ham aniqlandi. Bu shaxslarga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llandi.

E.Muhitdinov boshchiligidagi vazirlik ishchi guruhi I.Usmonova yotgan tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish tibbiyot ilmiy markaziga borib, u yerda shifokorlar va jabrlanuvchining qarindoshlari bilan muloqot qildi.

To‘plangan mazkur dalillar bo‘yicha mehnat tashkilotlari tomonidan barcha zaruriy ma'muriy hujjatlar va dalolatnomalar tuzildi. Ish keyingi tergov ishlari uchun prokuratura organlariga topshirildi.

Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida avariyaga uchragan Andijon viloyati Baliqchi tumani fuqarosi N.Jo‘rayeva ayni paytda ikkinchi guruh nogironi hisoblanadi, to‘rt nafar farzandi bor, ajrashgan. Qisman mehnat layoqatini yo‘qotgani bois, N.Jo‘rayeva to‘laqonli mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniga ega emas.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 

E.Muhitdinov boshchiligidagi ishchi guruh yashash joyi bo‘yicha N.Jo‘rayevani borib ko‘rdi. Uchrashuv jarayonida oilaga yordam ko‘rsatish va N.Jo‘rayevaning bandligini ta'minlash bo‘yicha mumkin bo‘lgan imkoniyatlar ko‘rib chiqildi. Ayni paytda ishchi guruh joyning o‘zida aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda.

Mavzuga oid