Jahon | 01:21 / 15.07.2018
54440
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq o‘qituvchining o‘g‘li Osiyoning eng boy odamiga aylandi

Foto: Hindustan Times

61 yoshli hind milliarderi, Reliance Industries sanoat guruhi rahbari Mukesh Ambani Alibaba Group asoschisi, xitoylik Jyek Mani ortda qoldirib, ilk bor Osiyoning eng boy odami nomini olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda Ambanining boyligi 44,3 mlrd dollarni, Maniki esa 44 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Ambani o‘zining boyligini Reliance Jio Infocomm Ltd. telekommunikatsiya tarmog‘ini kengaytirish va neft-kimyo sohasidagi aktivlarini ikki hissa oshirish hisobiga ko‘paytira oldi. 

Mukesh Ambani 1957 yilda Yamanning Adanida tug‘ilgan. U sobiq o‘qituvchi, Hindistonga poliester importi ortidan boyib ketgan Dxirubxay Ambanining o‘g‘lidir.

Foto: Hindustan Times

Ambani 2000-yillar boshida mobil kommunikatsiyalar bilan shug‘ullana boshlagan, so‘ngra neft-gaz, savdo-sotiq biznesini rivojlantirgan.

Ambani dunyodagi eng katta xususiy uyga ega. Balandligi 173 metrni tashkil qiluvchi uy Mumbayda joylashgan. Uning qurilishiga 70 mln dollar sarflangan, biroq hozirgi bozor narxi 2 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi. Osmono‘par bino Atlantika okeanidagi afsonaviy orol sharafiga “Antiliya” deb nomlangan.

Foto: Hindustan Times

 Bino turli balandlikdagi 27 ta qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavat balandligi, maydoni va nimaga mo‘ljallangani bilan boshqasidan farq qiladi. Bino 8 magnitudali zilzilaga bardoshli qilib loyihalangan. Uyda zinalar yo‘q, barcha harakatlanishlar 9 ta lift yordamida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid