Jahon | 17:00 / 15.07.2018
33917
6 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi qonli to‘ntarishga ikki yil to‘ldi. U nega sodir bo‘lgandi?

2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada huquqiy demokratiyani ag‘darib, harbiylar xuntasini amalga oshirishga urinish bo‘lib o‘tdi. Turkiya hukumatining iddao qilishicha, bunda muxolifatchi Fethulloh Gulenning qo‘li bor.

15 iyul voqeasi qanday boshlandi?

Foto: Gokhan Tan/Getty

Bundan ikki yil avval, shu kunda Turkiya xalqi qonli davlat to‘ntarishiga urinishlarga guvoh bo‘ldi. Barchasi Turkiya armiyasi va huquq-tartibot organlari xizmatida bo‘lgan harbiylarning mamlakatning strategik obektlariga hujum qilishidan boshlandi. Ularning asosiy maqsadi amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyip Erdo‘g‘anni hukumatdan chetlashtirib, to‘ntarishni amalga oshirish edi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shenning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Turkiyaning qiruvchi harbiy havo kemalari o‘sha tunda o‘zlarining Parlament binosiga o‘t ochdi. Harbiy qo‘mondon Hulusi Akar esa o‘g‘irlab ketildi. Voqealar rivoji shunday avj oldiki, Turkiya o‘z 95 yillik tarixida to‘rtinchi marta harbiy inqilobni boshdan kechirayotgandi.

Foto: REUTERS/Murad Sezer

Ammo, shu paytda bir kutilmagan yoxud favqulodda hodisa yuz berdi. Voqealar tafsiloti ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, tinch aholi vakillari oshxona buyumlari bilan qurollanib, ko‘chalarga chiqdi. Xuntaga qarshi chiqqan xalq Anato‘liya maydoniga yig‘ila boshladi.

Noharbiy fuqarolar va sodiq politsiya, armiya xizmatchilari kuchlarini birlashtirdi. O‘sha kechada 240dan ortiq kishi vafot etdi, yana 2194 nafar shaxs tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

To‘ntarish ortida kim turgandi?

Foto: REUTERS/Charles Mostoller

Ushbu xuntada Kamolchilar harakati yaqqol sezilmaydi. 1946 yili Turkiyada tashkil etilgan ko‘p partiyaviylik demokratik boshqaruv usuli joriy etilishi bilan, Turkiya qurolli kuchlari va boshqa tuzilmalar Mustafo Kamol Otaturkning mafkuraviy himoyachilariga aylandi. Dunyoviy Turkiyani rivojlantirish yo‘lida harbiylar boshchiligida hokimiyat ayollarning ro‘mol o‘rashiga ham qarshi edi. Manfaatidan chetda qolgan partiyalarga nisbatan turli ta'sirchan choralar ko‘rildi. Ammo, ularning barchasi tarixda qoldi.

Turkiya hukumatining ta'kidlashicha, amalga oshmay qolgan to‘ntarish bir paytlar Erdo‘g‘anning yaqin maslakdoshi bo‘lgan Fethulloh Gulenning rejasi asosida yuz berdi.

"Ikki yil davom etgan sud jarayonlari, tergovda bizga ma'lum bo‘ldiki, Gulen va uning muridlari o‘zaro aloqada bo‘lib kelgan. Uning muridlari ijro apparati, ayniqsa, harbiy tuzilmalarga joylashib olgan", deydi elchi.

1999 yildan buyon AQShda istiqomat qilib kelayotgan 77 yoshli Fethulloh Gulen "Xizmat" tashkilotiga asos solgan. Uning tashkiloti nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda katta nufuz va ta'sirga ega. Yuqorida qayd etilganidek, Gulen va Erdo‘g‘an uzoq vaqt mobaynida hamfikr bo‘lib kelishdi, ammo 2013 yili davlat rahbari Fethulloh Gulenni katta pul yuvish amaliyoti va korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda ayblagan. Shu bilan "ittifoq" yakuniga nuqta qo‘yildi.

Ahmet Bashar Shen taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, Gulenning moliyaviy qudrati 30 milliard dollardan oshadi. Uning asosiy kirimi ta'lim muassasalari, media va nodavlat tashkilotlardan kelib turgan.

2013 yil boshlangan tergovlar oradan uch yil o‘tib jiddiy tus ola boshladi: shu zaylda "Xizmat"ning asl maqsadlari oshkor bo‘lishi muqarrar edi.

Nega to‘ntarishning oldini olish choralari ko‘rilmadi?

Foto: REUTERS/Tumay Berkin

"Birinchidan, Gulenchilarning tarmog‘i o‘ta maxfiy va sirli ro‘yxat asosida shakllantirilgan. Ular ikkiyuzlamachilik asosida ish olib borishdi: kim dushman, kim do‘st, anglash qiyin edi", deydi elchi.

Ma'lum qilinishicha, Turkiya razvedka boshqarmalari bir necha oylardan buyon "Xizmat" a'zolari o‘rtasidagi yozishmalarni kuzatib kelgan, ammo unda to‘ntarishning rejalari aytilmasdi. Bu haqiqatan, razvedkachilarning ojizligini bildirdi.

Hukumat to‘ntarishga qanday munosabat bildirdi?

Foto: REUTERS/Stringer

Bosh vazir Binali Yildirimning aytishicha, Turkiya razvedka boshqarmasi mazkur voqeani o‘z vaqtida bartaraf etmaganining bir sababi bor: xuntani uyushtirganlar davlat tuzilmalariga chuqur o‘rnashib olgan.

Foto: REUTERS/Stringer

Hukumat ilk bor 2016 yil 22 iyulda rasmiy munosabatni e'lon qildi. Unga ko‘ra, davlat to‘ntarishini amalga oshirishga ko‘maklashgan "Xizmat" a'zolari, Gulenning muridlari Turkiya davlati xizmatidan bo‘shatiladi. Shunday qilib, Gulenga qarashli barcha media kompaniyalar faoliyatini to‘xtatdi. Jurnalistlar esa tergovga tortildi. Universitetlarda rektorni saylash amaliyoti bekor qilindi, endi Erdo‘g‘anning o‘zi nomzodni tasdiqlaydi.

Foto: REUTERS/Stringer

Bugungi kunga qadar o‘n minglab davlat mulozimlari yuqorida keltirilgan sabab bilan ishdan olingan. Sud jarayonlari to‘daning o‘ta maxfiyligi bois murakkab davom etmoqda.

15 iyul Turkiya Respublikasi va turk xalqining tarixida demokratiya g‘alabasi sifatida o‘z o‘rnini egallagan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid