Jamiyat | 09:57 / 25.07.2018
31639
3 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi 270 kilogrammlik qabrtosh. U kimga tegishli?

Ishoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibrat har sohada zamonasining ilg‘or ma'rifatparvari bo‘lgani uning ezgu amallarida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, yaqinlari mangu qo‘nim topgan Namangan tumanidagi “Xilvat” qabristonidagi chillaxona maqbarasiga ajdodlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida u o‘ziga xos qabrtosh o‘rnatgan, deb yozadi “Xalq so‘zi” nashri. 

Foto: Xalq so‘zi

Qayd etilishicha, qabrtoshga arabcha yozuvda shunday so‘zlar bitilgan:

“Bu qabr yaxshi xislatlar va odatlar hamda karomatlar egasi, yetuk va komil shayx Ne'matulloh Xoja Eshon Turkistoniynikidir. U kishi hijriy 1251 (milodiy 1835) yilda vafot etdilar. U kishidan so‘ng Sunnatulloh Xoja Eshon hijriy 1267 (milodiy 1851) yilda qazo qildilar.Bular Hazrat Sulton Xoja Ahmad Yassaviy avlodlaridandirlar, ularga Allohning rahmati bo‘lsin. Bulardan boshqa yana Ne'matulloh Xoja avlodlaridan bo‘lgan Sunnatulloh Xojaning o‘g‘illari Atoulloh Xoja Eshon bordir. Ul kishi hijriy 1323 (milodiy 1905) yilda vafot etdilar”.

Foto: Xalq so‘zi

Maqbara yonidagi temir panjara bilan o‘ralgan qabrlarga Ibratning ota tomondan katta bobosi Ne'matulloh Xoja, bobosi Sunnatulloh Xoja va ukasi Atoulloh Xoja (1865-1905) dafn etilgan. Bu yerda yana bir qabr bo‘lib, uni Ishoqxon Ibratning ramziy qabri ekanligi haqida farazlar bor. Ahmad Yassaviyning ukasi Sadr Xoja avlodlaridan bo‘lgan Ne'matulloh Xoja Turkistondan Namangan zaminiga XVIII asrning ikkinchi yarmidan kelib, yashab qolgan.

— Og‘irligi 270 kilogramm, bo‘yi 140 santimetr, pastki eni 70, o‘rta qismi 45, yuqorisi 50 santimetr bo‘lgan bu ulkan toshni 1905-1935 yillar oralig‘ida Ibrat Olabuqadan (Qirg‘iziston) olib kelgan, — deydi mustaqil tadqiqotchi Rasulbek Ummatov. — Hozirgi kunda undagi yozuvlarning bir qismi ko‘chib, ta'mirtalab holga kelib qolgan.

Ibrat ajlodlariga tegishli xilxona Ibratning to‘ng‘ich o‘g‘li Abbosxon to‘raning nabirasi Xayrullo Abbosov nazoratida muqaddas qadamjoga aylanib bormoqda.

Mavzuga oid