O‘zbekiston | 08:41 / 27.07.2018
72687
2 daqiqa o‘qiladi

DXX o‘qishga olib kirishni va'da qilgan ​«parovoz»larni qo‘lga tushirdi​

Bosh prokuratura huzuridagi departament va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorlikda olib borgan tadbir davomida oliygohga noqonuniy yo‘l bilan abituriyentlarni olib kirmoqchi bo‘lgan shovvoz qo‘lga olindi. Bu haqda O'zbekiston 24 telekanali xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, 1984 yili Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan Turg‘un Muhammadiyev Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishga olib kirishni va'da qilib, 7 ming dollar miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olingan. 

Muhammadiyev olgan pullarining bir qismini jinoiy sherigi Begzod Sheraliyevga berishi rejalashtirilgandi. 

Ular birgalikda 3700 dollar evaziga Toshkent Moliya instituti 2 kurs talabasi Shoxruh Imomovni g‘arazli maqsadda yollagan. Gap shundaki, Shoxruh abituriyent Jamoliddin Shodmonqulov o‘rniga soxta hujjatlar bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga o‘qishga topshirishi kerak edi. 

«Shoxruh 3700 dollarni olib keling, qolgan tarafini o‘ylamang, degandi», deydi Sheraliyev. 

Biroq, reja amalga oshmay, Shoxruh Imomov niyatidan qaytganini bildiradi. Bundan xabar topgan Begzod Sheraliyev u bilan qayta muzokara qilishni boshlagan.

Xabarda aytilishicha, ushbu ishlarni tashkillashtirgan jinoiy guruh boshlig‘i Zayniddin Esonov bo‘lib, u Toshkent Moliya institutidan talabalarni ushbu ishga faol jalb etgan. 

Huquq tartibot organlari xodimlari mazkur holatni fosh etib, ayni paytda ularning faoliyatiga nisbatan tergov ishlari davom etmoqda.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid