Uy-joy kodeksiga o‘zgartishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha:
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrda qabul qilingan 713-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar kiritilishi mumkin:
1) 32-moddada:
birinchi qism quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Uy, kvartira mulkdorining oila a'zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar.”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi – yettinchi qismlar bilan to‘ldiriladi:
“Uy, kvartira mulkdorining oila a'zolari mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining xotini (eri) va voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar.
Oilaning sobiq a'zolari uy, kvartira mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda, agar uy, kvartira mulkdori bilan uning oilasining sobiq a'zosi o‘rtasida boshqa kelishuv belgilanmagan bo‘lsa, mazkur turar joydan foydalanish huquqini saqlab qolmaydi. Agar uy, kvartira mulkdori sobiq oila a'zosining mulkiy ahvoli va boshqa e'tiborga sazovor holatlari unga boshqa turar joy bilan o‘zini ta'minlashga imkon bermasa uning mulkdorga tegishli bo‘lgan turar joydan foydalanish huquqi, oilaning sobiq a'zosiga nisbatan sudning qaroriga asosan ma'lum bir muddatga saqlab qolinishi mumkin. Bunda sud aliment majburiyatlarini sobiq xotini (eri) va oilasining boshqa a'zolari foydasiga bajarayotgan uy, kvartira mulkdoriga sobiq xotini va oilasining boshqa a'zolari talablari bo‘yicha ularni boshqa turar joy bilan ta'minlash majburiyatini yuklashga haqli.
Sud qarori bilan belgilangan uy, kvartiradan foydalanish muddati tugagandan so‘ng, agar mulkdor va uning oilasining sobiq a'zosi bilan boshqa kelishuv belgilangan bo‘lmasa, mulkdor oilasining sobiq a'zosi tegishli turar joydan foydalanish huquqi tugatiladi. Uy, kvartira mulkdori oilasining sobiq a'zosi agar sudning qarori asosida shu huquqni saqlab qolish uchun monelik qiladigan holatlar tugagan bo‘lsa turar joydan foydalanish huquqining ko‘rsatilgan muddati tugagancha bir vaqtda ushbu turar joyga nisbatan mazkur mulkdorning mulk huquqi ham tugatiladi.
Uy, kvartira mulkdori bilan doimiy yashayotgan fuqarolar mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a'zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin.
Uy, kvartiraning mulkdori bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.”;
ikkinchi – sakkizinchi qismlar sakkizinchi – o‘n to‘rtinchi qismlar deb hisoblanadi;
2) 50-moddaning ikkinchi qismidagi “ikkinchi va uchinchi” degan so‘zlar “beshinchi va oltinchi” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 14 sentabrda qabul qilingan O‘RQ–296-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxatining 5-bandidan “basharti kamida bir yil birgalikda yashayotgan bo‘lsa” degan so‘zlar chiqarib tashlanadi.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlaydi;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta'minlaydi.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Mavzuga oid
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
11:49 / 20.06.2024
Mahalliy kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi
13:23 / 09.04.2024
Deputatlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonunni qabul qildi
15:29 / 27.02.2024