Gol va Mot: Superliga intrigalari. «Paxtakor», «Lokomotiv» yoki «Navbahor»?
O‘zbekiston Superligasi hal qiluvchi pallaga yaqinlashib bormoqda. Balki, odatiy formatda hozirda 6 ochkolik farq bilan turnir jadvalini boshqarib turgan “Paxtakor”ning imkoniyatlari juda yuqori baholanayotgan bo‘lardi. Ammo chempionatimiz tarixida birinchi marta “oltin ochkoli” tizim amal qilmoqda va ushbu tizim asosida hisoblanganda, uchinchi bosqich oldidan “Paxtakor”ning ustunligi hozirgidek bo‘lmaydi va kamida 4 jamoada chempionlik uchun real imkoniyat borligini ko‘rish mumkin.
Avval, e'tiboringizga 19-turdan keyingi musobaqa jadvalini havola qilamiz.
Yana 3 turdan so‘ng, ikkinchi davraga, boshqacha aytganda, birinchi bosqichga yakun yasaladi. Dastlabki 6 o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa alohida guruh tashkil qilib, yuqori o‘rinlar uchun, qo‘yi olti jamoa esa, ligada o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurashadi. Jamoalar o‘sha oltilikdagi raqiblari bilan uy-safar tizimida bir martadan yana o‘ynab chiqishadi. Ya'ni, yana 10 tur bo‘lib o‘tadi.
“OLTIN OLTILIK”
Bu yerda eng muhim va nozik jihat shundaki, hal qiluvchi bosqichga jamoalari yuqorida ko‘rinib turgan ochkolar bilan o‘tmaydilar. Boshqa oltilikka o‘tib qolgan jamoalardan olingan ochkolar kuyib ketadi. Ya'ni, jadvalning yuqorisida joylashgan jamoalarning faqat o‘sha oltilikdagi raqiblardan olgan ochkolari saqlanib qolinadi. Sezib turganingizdek, bunday hisoblashda “Paxtakor”ning joriy ustunligi yo‘qqa chiqadi. Dastlabki to‘rt jamoalar bir-birlariga yanada yaqinroq joylashadilar.
Hozirda “Metallurg” 3 ochkolik farq bilan 6-o‘rinni egallab turibdi. Nazariy tarafdan hali “Qo‘qon”, “Nasaf”, “AGMK”, hamda “Qizilqum” jamoalarida ham oltilikka kirish uchun imkoniyat bo‘lsa-da, taqvimdan kelib chiqib, baribir “Metallurg”ning imkoniyatlarini yuqoriroq baholash mumkin.
Shuning uchun e'tiboringizga aynan bugungi oltilikdan kelib chiqib, turnir jadvalini havola qilamiz. Agar oltilik o‘zgaradigan bo‘lsa, bu jadvalga ham ta'sir qilishi aniq, albatta.
Oltilikdagi jamoalarning qolgan o‘zaro o‘yinlari:
20-tur. PAXTAKOR – LOKOMOTIV, BUXORO-MeTALLURG
21 TUR. NAVBAHOR – BUXORO
22 TUR. BUXORO - LOKOMOTIV
Ko‘rib turganingizdek, aslida chempionlik uchun kurash yanada keskinroq kechmoqda. Umumiy jadvalda 4-o‘rinda ketayotgan “Navbahor” aynan yuqori o‘rindagi jamoalarga qarshi samarali o‘ynagani uchun so‘nggi bosqichni hatto 1-o‘rinda boshlash imkoniyatiga ham ega.
“Lokomotiv”ni esa, yashirin favorit deb atash mumkin.Mavsumni juda yomon boshlagan “temiryo‘lchilar” endi ma'lum bo‘lishicha, yakunda kerak bo‘lmaydigan ochkolarni yo‘qotgan ekanlar xolos. “Lokomotiv” keyingi turlarda “Buxoro” va “Paxtakor” bilan o‘yinlar o‘tkazadi, agar bu o‘yinlarni o‘z foydalariga hal qilishsa, so‘nggi bosqichni yaqqol peshqadam sifatida boshlashlari aniq.
“BUNYoDKOR” UChUN DILeMMA
Eng qiziq jihat, “Bunyodkor” bilan yuzaga kelgan. Jamoa hozirda shakllangan oltilik bilan o‘z o‘yinlarini o‘tkazib bo‘lgan. Keyingi o‘yinlar go‘yoki, jamoaning so‘nggi bosqichdagi ochkolariga ta'sir qilmaydigandek. Lekin yo‘q, unday emas. O‘sha o‘yinlar orqali, “Bunyodkor” “oltin ochkolarini” ko‘paytirishi va kamaytirib olishi ham mumkin.
Misol uchun, keyingi turda “Bunyodkor” o‘z maydonida “Qo‘qon 1912”ni qabul qiladi. Bu o‘yinda “Bunyodkor” mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, qo‘qonliklarda oltilik uchun imkoniyatga ega bo‘lib qolishlari mumkin. Xo‘sh, nima bo‘pti? Agar “Qo‘qon 1912” 6-o‘rinni oladigan bo‘lsa, “Bunyodkor” ulardan ochko ololmagan bo‘lib chiqadi. “Metallurg”dan esa, Qosimov shogirdlari 1 ochko olishga muvaffaq bo‘lishgan. Demak, agar “Bunyodkor” go‘yoki ochko ta'sir qilmaydigan o‘yinda qo‘qonliklarga yutqazsa, “oltin ochko”si 1 taga kamayishi mumkin.
Undan ham qizig‘i, “Bunyodkor”ning “Nasaf” bilan o‘yinida sodir bo‘lishi mumkin. G‘irt paradoksal holat. Gap shundaki, “Bunyodkor” birinchi davrada “Nasaf”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Keyingi turda bu raqiblar Qarshida to‘qnash kelishadi. “Bunyodkor” Qarshida mag‘lubiyatga uchrasa, “Nasaf”ning 6 likka kirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Oltilikka “Metallurg” emas, “Nasaf” kirsa, “Bunyodkor”ga foyda. Chunki “Bunyodkor” “Nasaf”dan 3, “Metallurg”dan 1 ochko olgan. Qarang, “Bunyodkor” Qarshida mag‘lubiyatga uchrab, ochkolarini sonini 16 taga yetkazib olishi, aksincha, g‘alaba qozonib, birorta ham ochko ololmasligi mumkin. Zo‘r-a?
CheMPIONNI “MeTALLURG” ANIQLAYDIMI?
Davom etamiz. O‘sha “Nasaf”ning oltilikka kirish yo‘lidagi to‘sig‘i “Paxtakor” bo‘ladi. So‘nggi turda qarshiliklar “Paxtakor” mehmoni bo‘ladilar. Tabiiyki, “Paxtakor” “Nasaf”ga yutqazmaslikka harakat qiladi. Sababi, “Metallurg”ning 6-o‘rinni olishida eng katta manfaatdor aynan “Paxtakor”dir. Chunki, bekobodliklarga qarshi o‘yinlarda aynan “Paxtakor” 6 ochko olgan xolos. “Metallurg” boshqa hamma jamoalardan kamida 1 ta bo‘lsa ham ochko olishning uddasidan chiqqan.
“Metallurg”ning oltilikka kirishi “Paxtakor”ning chempionlikdagi raqiblariga nisbatan imkoniyatini oshiradi. Nafaqat ochkolar bo‘yicha, shuningdek, “Paxtakor” uchun bekobodliklar eng qulay raqib ekani sir emas. “Metallurg”ning asosiy futbolchilari “Paxtakor”dan ijaraga olingan va bu jamoaga qarshi o‘yinlarda maydonga tushmaydi. Demak, so‘nggi bosqich bahslarida ham “Metallurg”ning bo‘lishi “Paxtakor” uchun oson qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan yana 6 ochko deganidir.
Umuman, so‘nggi uch tur “Paxtakor” uchun mas'uliyatli davr. Eng avvalo, “Lokomotiv” bilan o‘yinda g‘alaba qozonib, “temiryo‘lchilar”ning peshqadamga aylanishga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Qolgan ikki o‘yinda esa, Arveladze jamoasi “Metallurg”ning oltilikka kirishi uchun “qarashishi” lozim. “Nasaf”dan tashqari, “Paxtakor” Qo‘qonga ham boradi. “Qo‘qon” ham yuqorida aytilganidek, oltilik uchun asosiy da'vogarlardan biri. “Paxtakor” bu o‘yinda ham yutqazmasligi kerak. Chunki “Qo‘qon 1912” birinchi davrada “Paxtakor” maydonida 1:1 o‘ynab qaytgandi. Tabiiyki, “Paxtakor” uchun “Nasaf” (agar yuta olmasa) yoki “Qo‘qon” emas, aynan “Metallurg” yakunda oltilikka kirishi ayni muddao.
Beixtiyor “Qashqirlar makoni” serialidagi Lazziyoning “Trabzonspor” o‘zi chempion bo‘lmaydi, lekin chempionni aniqlab beradi” deb aytgan gapi esga tushadi. Go‘yoki, bizning chempionatimizda bu rolni “Metallurg” bajarayotgandek tuyulsa-da, baribir, so‘nggi bosqichda yana 10 ta uchrashuv bo‘lishini esdan chiqarmaslik kerak. Tabiiyki, chempion jamoa endi avvalgi mavsumlar kabi, sirtqi kurashda aniqlanmaydi. Peshqadam bo‘ladigan jamoa asosiy raqiblari bilan yana 2 tadan o‘yinda maydonga tushishini e'tiborga olsak, barcha kurash hali oldinda.
Jadvalning qo‘yi qismidagi vaziyat yuzasidan ham hali gaplashamiz.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
17:42 / 04.12.2024
«Paxtakor» budjeti 100 milliarddan oshadi». Ortiqxo‘jayev qoniqarsiz natija, yangi murabbiy, Cheran va rejalar haqida
12:00 / 04.12.2024
«Paxtakor» portugaliyalik yangi bosh murabbiyini tanishtirdi
17:43 / 30.11.2024
Superliga. «Metallurg» «Nasaf»ni mag‘lub etib «Lokomotiv»ni Proligaga ravona qildi, OKMK o‘z tarixida ilk bor kumush medallarni qo‘lga kiritdi
18:13 / 21.11.2024