Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijondagi ko‘p qavatli uydagi xonadon egalari nimadan norozi?
KUN.UZ tahririyatiga Andijon shahri markazidagi Boburshoh ko‘chasidan murojaat kelib tushdi.
Yashovchilari arznoma jo‘natgan 55-ko‘pqavatli uy “Ozodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida. 30 nafar xonadon a'zosi imzo chekkan murojaatda ko‘p qavatli uyning hovlisida aholi roziligisiz ikki qavatli bino qurilishi boshlangani haqida yozilgan.
Ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchilarning bildirishicha, shahar markazidagi mazkur mahallada “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha ko‘cha va yo‘laklar, har bir uy ta'mirdan chiqarilib, chiroyli holatga keltirish tadbirlari boshlanadigan bo‘libdi. Qanday yaxshi, to‘g‘rimi? Aholi bu yangilikni quvonch bilan qabul qilgan.

Shundan so‘ng, ko‘p qavatli uy hovlisidagi avtogarajlar, ko‘p yillardan beri bir tom tagida yashovchi oila a'zolarining to‘y va boshqa marosimlarini o‘tkazib kelayotgan “naves” buziladi. Bu holatni ham to‘g‘ri tushunishdi. Sababi, bular ham noqonuniy qurilmalar edi, hisob. Mutasaddilar aholiga ularning o‘rnida - bolalar maydonchasi, avtogaraj, aholi uchun kerakli inshootlar qurilishini aytishadi.
Xalq tili bilan aytganda “dom”ning hovlisida bino qurilishi boshlanadi. Aholi shahar hokimligi tomonidan qurilajak binoda - profilaktika inspektori xonasi, mahalla fuqarolar yig‘ini uchun xonalar, chevarxona bunyod etilishi haqida ogohlantirilgan. Qolgan joylarga esa aholi dam olishi uchun o‘rindiqlar o‘rnatiladigan bo‘ladi.

Biroq hovliga tushayotgan binoning ikki qavatligi, uzunligi 60 metr, eni 6,5 metrligi aholini tashvishga sola boshladi. Chunki, mutasaddilar va'da qilgan bolalar maydonchasi va avtomobillar turarjoyi uchun hovlida joy qolmaydi, hisob.
G‘alvalar markazida qolgan 55-uyga borib, yashovchilarning dardini eshitamiz.
“Har bir oilada, to‘rt-beshtadan bola bor. Endi uyimiz hovlisiga tadbirkor ikki qavatli bino quryapti. Shaharsozlik va arxitektura me'yorlariga to‘g‘ri kelmasa ham shahar hokimi Qaror chiqarib beribdi. Qarangki, aholi vakillari nimadir qursa: “Favqulodda holatlar va yong‘in xavfsizligiga to‘g‘ri kelmaydi”,-deb buzishadi. Tadbirkorning qurayotgan binosi ham umuman me'yorlardan yiroq-ku? Biz mutasaddilar va'dasiga ishonib, uyimizning atrofi ham obod bo‘ladi, deb o‘ylabmiz?”, - deydi 18 xonadonda yashovchi Dilfuza Karimova.

55-uyda istiqomat qiluvchi boshqa xonadon vakillari ham xuddi shunday fikrda ekan. Muammolarni qog‘ozga tushirib, turli idoralarga murojaat qilishibdi.
“Dom” istiqomat qiluvchilar shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevning iqtisodiyot kollejida bo‘ladigan qabuliga kirib, qurilish kim tomonidan berilgan qarorga asosan bo‘layotganini surishtirishgan. Shahar hokimi, mahallada barcha ishlar “Obod mahalla” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotganini, qurilayotgan binolar majmuasi guzar ekanligi unda turli maishiy obektlar va ishlab chiqarish korxonasi barpo etilishini aytgan.

Xonadon egalari esa, bino “dom” oldini tor qilib qo‘yayotgani, bolalar maydonchasi, dam olish uchun o‘rindiqlar, avtoturargoh bo‘lmasligidan norozi. Ularning fikricha, uch qavatli uyning oldiga tushadigan ikki qavatli majmuadagi maishiy xizmat obektlari aholi uchun qulaylik emas, balki noqulaylik tug‘diradi. Uy shahar markazida bo‘lganligi uchun oziq-ovqat do‘koni, sartaroshxona, chevarchilik ustaxonasi katta muammo emas.
Qurilish kim tomonidan amalga oshirilmoqda?
55-uy yoniga “Shedevr premium” jamiyati shahar hokimining 20.07.2018 sana bilan chiqarilgan №790 Qaroriga asosan majmua qurmoqda. Qarorda bo‘sh turgan maydonga zamonaviy loyihalar asosida ikki qavatli bino qurilishi, 1- qavatida “Ozodlik” MFY uchun ma'muriy idora, ichki ishlar profilaktika inspektori xonasi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, nonvoyxona, qandolat ishlab chiqarish sexi, erkaklar va ayollar sartaroshxonasi va 2-qavatda tikuvchilik ishlab chiqarish sexidan iborat mahalla guzari qurish loyiha-smetasini tayyorlash belgilangan.

“Mahallaning umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tganida, aholi vakillaridan hech kim qurilishga norozi bo‘lmagan edi. Jamiyatimiz bu yerda guzar barpo qilib, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilgan. Majmuaning birinchi qavatini bitkazganimizdan so‘ng esa monelik qilish boshlandi”, -deydi jamiyat rahbari Otabek Yuldashev.
Tadbirkor bizga qurilishni boshlash uchun ko‘pqavatli uydagi xonadon egalarining kam qismidan olingan “Rozilik xati”ni ko‘rsatdi.
55- uyda yashovchilar esa tadbirkorga “Ogohlantirish xati” bilan ham chiqishibdi. Unda qurilish ishlari aholi roziligisiz boshlangani, qurilish ishlari arxitektura me'yorlariga to‘g‘ri kelmasligini bildirishgan.

Xulosa o‘rnida..
Ko‘pqavatli uyda yashovchi xonadon egalari hamda mutasaddilarni fikrini taroziga solishga harakat qildik.
Aholi uy oldida ochiq maydon qolmayotganidan norizo. Sababi, “dom”da yosh oilalar yashaydi va har bir oilada bolajonlar bor. Ularga maydoncha zarur. Ko‘pchilikning avtoulovi bor va ularga “garaj” kerak.

Shahar hokimligi guzar qurib, aholini ish bilan bandligini ham ta'minlamoqchi. Tadbirkorning qo‘lida qaror bor.
Aholi ko‘pqavatli uyga yaqin holda qurilayotgan 60 metrlik binoni O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura normativ hujjatlariga zid ravishda bunyod etilayotganini ta'kidlamoqda. Ular, tumanlararo fuqarolik sudiga - binoni qurilishini to‘xtatish va shahar hokimi qarorini bekor qilish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishyapti.
Shahar hokimligi majmua qurayotgan “Shedevr premium” jamiyati va aholi o‘rtasidagi nizoni hal qilish bo‘yicha ish olib borishi zarur. Agar, haqiqatan qurilish me'yorlari buzilayotgan bo‘lsa, tadbirkor qurilishga katta mablag‘ sarflab ulgurmasdan uni to‘xtatishga urinishi yoki qurilish maydonini qisqartirib, aholi talablariga mos ravishda avtoturargoh va bolalar maydonchasi qurish masalasini tezkor ravishda ko‘rib chiqishi lozim.
55-uy muammosi masalasi ochiq qoladi va biz mazkur mavzuga albatta yana qaytamiz...
O‘z muxbirimiz
Mavzuga oid
22:12 / 06.06.2026
Andijonda voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgan IIB xodimi qamoqqa olindi
12:31 / 02.06.2026
Andijonda 35 mlrd so‘mlik soliq keshbeki o‘marildi
08:50 / 02.06.2026
Navoiyda ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi
18:35 / 30.05.2026