Jahon | 22:35 / 02.08.2018
3799
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoga gaz va benzin yetkazib berishni to‘xtatdi

Isroil Mudofaa vaziri Avidgor Liberman G‘azo sektoriga gaz va yoqilg‘i mahsulotlari yetkazib berishni noma'lum muddatga to‘xtatish haqida qaror qabul qildi. TASS xabariga ko‘ra, bu qaror chegara hududidagi to‘qnashuvlarda falastinliklar tomonidan olovli sharlar uloqtirilishi kuzatilayotgani bilan bog‘liqdir.

«2 avgust kuni Mudofaa vaziri Avidgor Liberman noma'lum muddatgacha G‘azo sektoriga olib o‘tuvchi «Karim-Shalom» nazorat-o‘tkazuv punkti orqali benzin va gaz tashishni chekladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Isroil «Karim-Shalom» chegara postini 9 iyul kuni chegaradagi tartibsizliklardan keyin yopib qo‘ygandi. 17 iyuldan boshlab bir necha kun davomida ushbu anklavga yoqilg‘i yetkazib berish to‘xtatildi, ammo Misrning iltimosi bilan Isroil hukumati G‘azo sektoriga bosimni susaytirishga rozi bo‘ldi.

Libermanning qayd etishicha, «Misr tomoni sektordan boshqa raketalar uchirilmasligiga ishontirgandi».

«Ammo chegara yaqinidagi tartibsizliklar davom etmoqda, shunday ekan gaz va yoqilg‘i yetkazib berish noma'lum muddatga to‘xtaydi», degan u.

Mavzuga oid