00:00 / 03.08.2018
6483

Saudiyaliklar Yamandagi port shaharni bombalashi oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi

© AFP 2018 / Saleh Al Obeidi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasining Yamandagi Qizil dengiz bo‘yidagi Xodayda shahriga hujumi oqibatida as-Saura shifoxonasida 30 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda husiychilarga aloqador «Al-Masira» telekanali xabar tarqatdi.

Shifokorlarga asoslangan holda xabar bergan telekanal ma'lumotiga ko‘ra, port-shaharga berilgan aviazarbadan keyin shifoxonaning o‘zidan 20dan ortiq kishining jasadi harbiy gospitalga olib borilgan. Shuningdek, hujum oqibatida kamida 35 kishi jarohatlangan.

Arab koalitsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotgan Yaman prezidenti Abd Rabbo Mansur Hodiy kuchlari ko‘p vaqtdan buyon Xodayda uchun husiychilar bilan urush olib bormoqda. Qizil dengiz bo‘yida joylashgan bu port-shahar strategik jihatdan katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Husiychilar nazoratida bo‘lgan shimoliy Yamanga gumanitar yordam ham ushbu shahar orqali o‘tkaziladi.

Koalitsiya tomoni shahar betaraf kuchlarga topshirilishi va xalqaro hamjamiyat nazoratida bo‘lishini taklif etgan, ammo husiychilar bunga rozi emas. O‘tgan yakshanba kuni ular koalitsiyani hayot uchun muhim infratuzilmalar bo‘ylab, xususan, Xodayda shahrini suv bilan ta'minlaydigan obektlar bo‘ylab aviazarbalar yo‘llashda ayblashgandi.

BMT Bosh kotibining Yaman masalasi bo‘yicha vakili Martin Griffitsning o‘tgan haftada husiychilar bilan navbatdagi muzokaralari ham muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.

Yamanda 2014 yildan buyon sunniy mahzabda bo‘lgan hukumat kuchlari va shialardan iborat husiychilar o‘rtasida qurolli nizolar davom etmoqda.

Ushbu nizolar 2015 yil martida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari qonuniy hukumatni qo‘llab, Yamanga kirganidan keyin yanada kuchaydi. Husiychilarga qarshi amaliyotlarda saudiyaliklardan tashqari, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Misr, Iordaniya, Marokash, Pokiston va Sudan harbiylari ishtirok etib kelmoqda.

Mavzuga oid
Top