Sport | 13:57 / 06.08.2018
17547
2 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuperning ishiga hech kim aralashmaydi - Ahmadjonov

Foto: O‘FA

Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘FA 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov milliy terma jamoaning yangi bosh murabbiyini qabul qildi.

O‘FA xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov murabbiy bilan suhbatlashib, o‘zbek futbolida olib borilayotgan islohotlar haqida gapirib bergan hamda xalqning azaliy orzusi bo‘lgan jahon chempionatiga chiqish eng dolzarb vazifa ekanligini aytgan.

«Bizning xalqimiz juda ham futbolsevar. Siz milliy terma jamoamizni boshqarib borishingiz haqidagi xabarni yurtimizdagi futbol muxlislari katta quvonch bilan kutib olishdi. Asosiy maqsadimiz – oldimizda turgan katta musobaqalarda ijobiy natijalarga erishish, Tokio-2020 hamda Jahon chempionati - 2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi buning uchun Sizga barcha sharoitlarni yaratib beradi. Murabbiylar ishiga hech kim aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishamiz, degan umiddaman», - dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida Ektor Kuper ham bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratini ayamasligini bildirib o‘tar ekan, aeroportdagi kutib olish marosimidan hayratda ekanini yashirib o‘tirmadi. 
 
Uchrashuv so‘ngida Umid Ahmadjonov Ektor Kuperga uning nomi tushirilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining ramziy libosi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, bugun soat 15:00da Ektor Kuper bilan matbuot anjumani tashkil etiladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid