O‘zbekiston | 18:33 / 06.08.2018
14530
3 daqiqa o‘qiladi

Mashinalarni ham qo‘riqlash xizmatiga topshirish mumkin

Foto: KUN.UZ

Tez orada avtotransport vositalarini ham qo‘riqlash xizmatiga topshirish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayev Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

Abdullayevning ta'kidlashicha, ayni paytda avtotransport vositasini qo‘riqlash uchun ishlab chiqarilgan maxsus texnikalar ikkita mashinada sinovdan o‘tkazilmoqda. 

«Barchasi muvaffaqiyatli yakunlanishi bilan tegishli tartibda huquqiy hujjatlar tayyorlanadi va aholiga yangi xizmat taqdim etiladi. Aytish joizki, avtomobilni qo‘riqlash xizmatiga topshirish uning egasiga mashinani kafolatli va xavfsiz saqlanishiga sabab bo‘ladi», deydi u. 

Bekmurod Abdullayevning aytishicha, ayni paytda ushbu xizmat uchun to‘lov miqdori va shartnoma talablari belgilanmagan.

Ma'lum qilinishicha, avtomobil o‘g‘risi mashinadan biror buyum yoki qismni o‘g‘irlashga ulgurmasdan, ichki ishlar qo‘riqlash xizmati xodimlari voqea joyiga 3-5 daqiqada yetib kelishga qodir. 

«Bundan tashqari, mashinaning harakatlanish yo‘lini muntazam kuzatish mumkin. Avtomobil egasining talabi bilan uni masofadan turib o‘chirib qo‘yish imkoniyati ham mavjud», deydi boshliq. 

Qo‘riqlash xizmati ichki ishlar idoralarining eng yirik bo‘limlaridan biri bo‘lib, moddiy-tovar boyliklarini himoya qilish xizmatini quyidagi turlarda amalga oshiradi: 

- texnik qo‘riqlash;

- militsiya postlari orqali qo‘riqlash;

- qo‘riqlash militsiya yo‘nalishlari orqali qo‘riqlash;

- harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari orqali qo‘riqlash;

- qorovul bo‘linmalari orqali qo‘riqlash.

Ma'lumot uchun, xizmat tomonidan 2018 yilning 7 oyi davomida 26953ta xalq xo‘jaligi obekti va 12104ta fuqarolar xonadoni qo‘riqlanib kelinmoqda.  So‘nggi 6 yil davomida xonadon qo‘rig‘i narxi bir oy uchun 17 ming so‘mdan oshirilmagan.

Mavzuga oid