Fan-texnika | 13:33 / 07.08.2018
6245
10 daqiqa o‘qiladi

Hamma joyda robotlar: “moslashuvchan” ko‘nikmalarga ega bo‘lish vaqti keldi

Qirq yil ham o‘tmay turib, fantastlar – xayolot olami vakillarining orzulari haqiqatga aylandi. “Odam emas, robotlar ter to‘kmoqda”, biroq salbiy jihatga ega emasdek tuyulgan mo‘'jiza kerak bo‘lmay qolishlik hissini uyg‘otdi. Sun'iy ong hayotning turli sohalaridan odamlarni siqib chiqarmoqda, biroq u butunlay odam o‘rnini egallay olarmikan? Bu savolga Puzzle English ta'lim yo‘nalishidagi onlayn-resurs muharriri Ivan Yurchenko javob beradi.

Robotlar qay darajada “chuqurlashib ketishdi?”

Foto: Rusbase 

Ta'lim

Mashinalar allaqachon ta'lim sohasiga kirishgan. Osiyoning rivojlangan mamlakatlaridagi maktab va institutlarda robotlardan foydalanish – kundalik amaliyot.

Yaponiya maktablarida odamga o‘xshash robot-o‘qituvchi Saya o‘quvchilarga bilim beradi, turli tillarda suhbatlashadi va mutolaa qiladi. Janubiy Koreyada robotlardan kichik yoshdagi bolalar bilan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda foydalaniladi. Robot iRobi (ishlab chiqaruvchi Yujin Robotics) bolalarga qisqa matnlar va hikoyalarni yodlashda yordam bera oladi. Uning ukasi Robosem maktab o‘quvchilariga matematika, xorijiy til va tarixni o‘rgatadi.

“Tabiiyki, mashina yordamida o‘rganish kelajakda o‘quv jarayoniga mustahkam ravishda kirib boradi”, - deydi ishonch bilan Puzzle English onlayn-servis asoschisi Aleksandr Antonov. Sun'iy ong bugun ham onlayn-talabalar xatolari va ko‘nikmalarni rivojlantirishning maqbul trayektoriyasi tanlovi tahlilini a'lo darajada uddalamoqda.

Antonov Puzzle English o‘quvchilari foydalanadigan “Shaxsiy reja” servisini misol tariqasida keltirgan. Servis har kuni o‘quvchilarga vazifalar beradi, kelasi kun darslarini taklif etishdan avval oldingilari qay darajada yaxshi va tez bajarilgani, qanday xatolarga yo‘l qo‘yilganini tahlil qilib, tilni o‘zlashtirishning kuchli va kuchsiz jihatlarini baholaydi.

AQSh ham texnologik poygada Osiyodan ortda qolayotgani yo‘q. BirdBrain Technologies (Pittsburg) kompaniyasi Finch ismli robotni yaratdi. U Python, Java, Scratch, Greenfoot kabi keng til yo‘nalishlarida dasturlashni o‘rgatadi (jumladan 5 yoshdan oshgan bolalarga ham) va barcha operatsion tizimlarga moslashadi.

Tibbiyot

Zamonaviy tibbiyotni robotlarsiz tasavvur etish mushkul. Vashington universiteti olimlari tadqiqot va kasalliklar bilan kurashish uchun odamlar organlari (organoidlar)ni yetishtirishda robotlardan foydalanishadi. Bundan tashqari, robotlar organoidlarda hujayralarni yetishtiradi. “Bu bizning turli kasalliklar bilan kurashishimizdagi sirli qurol”, - deydi dotsent Bendjamin Fridiman.

Foto: Rusbase 

Robotlar jarrohlik amaliyotlarida ham ishtirok etadi: 2017 yilning avgust oyida robotlashtirilgan qo‘l Pensilvaniya universiteti shifokorlariga 20 soat davomida 27 yoshli bemorning umurtqa pog‘onasi bo‘yin qismidan murakkab o‘simtani olib tashlashda yordam berdi. Shveytsariyalik tadqiqotchilar orqa miyada jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun robot yaratishdi, 2017 yilning noyabr oyida esa Xitoyda robot vrach litsenziyasiga ega bo‘ldi.

Riteyl

Robotlar o‘zini nafaqat ijtimoiy sohalarda, balki biznesda ham yaxshi his etmoqda. Savdo uchun “asosiy foyda ishchilarni kamaytirish va katta avtomatlashtirishga ega bo‘lishdadir: savdo nuqtalari yagona tizimga ulangan, u orqali tahlil ma'lumotlarini yig‘ish yoki maxsus takliflarni amalga oshirish mumkin”, - deydi Eywakitchen(oshxona uchun smart-ekranlar) va Mebtender (mebelga buyurtma berish birjasi) loyihalari asoschilaridan biri Ruben Babayev.

Foto: Rusbase 

Amerikaning uy uchun mahsulotlar sotadigan Lowe’s kompaniyasi o‘zining shaxsiy LoweBoot robotini yaratdi. U Kaliforniya do‘konlarida xaridorlarni kutib olib, ularga mahsulotlarni topishda yordam beradi, savollarga javob qaytarib, mavsum yoki hafta kunlariga qarab tovarlarni peshtaxtalarga joylashtirishda xodimlarga ko‘mak ko‘rsatadi.

Dunyodagi eng yirik internet-do‘kon Amazon omborxonalarida buyurtmalar robotlar tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya mahsulotlarni yanada tez yetkazish maqsadida haydovchisiz avtomobillardan foydalanishni rejalashtirgan.

Restoran biznesi

Mahsulotlarni yetkazishda dunyo yetakchisi Domino’s Pizza misoli qiziq. 2016 yilning mart oyida kompaniya Avstraliya va Yangi Zelandiyada pitssani dronlarda yetkazib berishni sinab ko‘rdi, 2017 yilda esa pitssani Yevropa mamlakatlarida aynan shu usulda yetkazib berish istagi haqida ma'lum qildi va AQShda ilk sinovlarni o‘tkazdi.

Foto: Rusbase 

Restoranlarda robotlar allaqachon oshpaz sifatida faoliyat yuritmoqda. May oyining boshida Bostonda taomlarni faqat robotlar tayyorlaydigan restoran ochildi. Restoranga asos solganlar (Massachusets texnologiya universiteti bitiruvchilari) muassasani “murakkab taomlar tayyorlanadigan dunyodagi ilk to‘liq  robotlashtirilgan restoran” deya atashmoqda.

Eatsa restoranlarida esa (kaliforniyalik 2015 yil startapi) mijozlar ishchilar bilan aloqa qilishmaydi: taomga mobil ilova yordamida buyurtma beriladi, taomning o‘zi esa maxsus devordan uzatiladi. 

Mehmonxona biznesi

Dunyoning yetuk mehmonxona operatorlari – ShangriLa, Hilton, Ibis, Crowne Plaza ham sun'iy ongdan foydalanadi. Robotlar mehmonlarni kutib oladi, ularning yukini ko‘taradi, xonalarni yig‘ishtiradi, mehmonlarning buyurmalariga qarab taom va boshqa buyumlarini yetkazib beradi.

Foto: Rusbase 

Yirik mehmonxona egalarining fikricha, robotlar ishchilarga ketadigan xarajatlarni qisqartiradi, chunki ular ko‘p vazifalilik rejimida charchamagan holda ishlashlari mumkin. Bundan tashqari, robotlar xulq-atvor hamda mehmonlarning xizmatdan qoniqqanligi bo‘yicha ma'lumotlarni to‘playdi.

Transport

Transport haqida so‘z borar ekan, bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mashinistsiz poyezd bilan hech kimni hayron qoldirolmaysiz. Kanada, BAA, Yaponiya, Singapur, Fransiya kabi davlatlarning yer ostidagi temir yo‘llarida ham bunday poyezdlar harakatlanmoqda.

Odam va robot: raqobatchi yoki hamkor?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, g‘arb va sharq “avtomatlashtirish”ga turlicha qaraydi. Osiyo robotlar ko‘payib ketishidan xavotirga tushmoqda, Yevropa va AQSh esa mashina odam o‘rnini to‘liq bosolmaydi degan fikrga ishonyapti. Odamlar robot bilan bemalol raqobatlasha oladi, axir mashina nima qilganda ham individuallik va soft skills (maxsus ko‘nikmalar)ga ega emas-ku. Bu ko‘nikmalar – “moslashuvchan”, “professionallikdan ustun turadigan” jihatlar bo‘lib, karerada muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi.

Puzzle English asoschisi Aleksandr Antonov soft skills’ning sun'iy ong bilan raqobatlashish borasidagi ahamiyatini ham ta'kidlamoqda. Ta'lim haqida so‘z borar ekan, “robotlar bu sohada odam o‘rnini to‘liq bosa olmaydi, biroq uning ta'limdagi o‘rnini o‘zgartirib yuboradi”. Agar avval o‘qituvchi o‘quvchilarga bilimni yetkazuvchi bo‘lgan bo‘lsa, bugun mashina ta'limning qomusiyligi bo‘yicha so‘zsiz odamdan oldinda, - deya sharhlaydi Antonov.  – Yorqin, hissiy kommunikatsiya, ta'lim jarayonini boshqarish, keng ko‘lamdagi instrumentlardan foydalana olish va ta'lim tizimiga texnologik yechimlarni organik ravishda joriy etish – mashina yaqin kelajakda “o‘qituvchi” kasbiga aynan shunday rollarni qo‘yadi”.

Foto: Rusbase 

Yaqinda Google kompaniyasi Economist Intelligence Unit bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini e'lon qildi. U 16 ta mamlakatdagi 1200 nafar o‘qituvchi orasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga asoslangan. So‘rovnoma ishtirokchilarining ko‘pchiligi bolalar sun'iy ongdan o‘zgacha fikrlashlari uchun maktabdanoq soft skills’ni rivojlantirish zaruriyatini tan olgan.

Kompaniyalar xodimlarda soft skills’ni rivojlantirishga sarmoya kiritishga tayyor. Technavio tadqiqotlariga ko‘ra, 2015 yilda ishchilar soft skills’ni rivojlantirish dasturlariga 16 milliard dollar sarflashgan. Ushbu ko‘nikmani rivojlantirish muayyan sohaga bog‘lanmagan holda istalgan sohani o‘zlashtira oladigan universal xodimlarni tayyorlashga yordam beradi.

“Mashina bilan raqobatlashish”, - deydi Bezruchko – zararli g‘oya. Mashinalar shubhasiz o‘rta va past malakaga ega mehnat o‘rnini bosa oladi. Ular bilan bu borada raqobat qilish imkonsiz. Mashinalar bajara olmaydigan ishni uddalash uchun rivojlanish kerak. Men bu yerda ijodiy yuqori malakali ish haqida gapiryapman”. Uning fikriga ko‘ra, odam mashinalar bilan raqobatlashishi emas, ular bilan hamkorlikda ishlashi lozim.

***

Kundek ravshanki, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan texnologik imkoniyatlar asrida yashayapmiz. Robotlar odamlarni siqib chiqaradimi? Yodimizda bo‘lsin, har birimiz mashinalarga xos bo‘lmagan shaxsiy jihatlar to‘plami va “moslashuvchan” ko‘nikmalarga egamiz. Aynan betakrorlik bizga robotlar hech qachon odamlarni butunlay siqib chiqarmay, aksincha odamlarga yordam berishiga imkoniyat yaratadi.

Mavzuga oid