Texnologiya | 07:34
1374
3 daqiqa o‘qiladi

Insonga o‘xshash yuz ifodasi: Xitoy robototexnikasi yangi bosqichga chiqdi

Humanoid robotlar sanoat vazifalarini bajarish orqali emas, balki emotsional muloqot hisobiga muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Xitoyda humanoid robototexnika sanoati yangi bosqichga qadam qo‘ydi: endi e’tibor faqat harakatchanlik va avtomatlashtirishga emas, balki mashinani haqiqatan ham “insoniy” qiladigan jihat - yuzga qaratilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Yaqinda humanoid robotlar uchun yaratilgan giperrealistik yuzlar internet foydalanuvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otdi va bunday mashinalarning tijoriy muvaffaqiyati kaliti aynan ishonchli tashqi ko‘rinish bo‘ladimi, degan bahslarni jonlantirdi.

Bahslar robototexnika tadqiqotchisi, Shouxing Technology kompaniyasi asoschisi Yuyxan Xu X ijtimoiy tarmog‘ida yangi videoni e’lon qilganidan keyin yanada kuchaydi. Unda humanoid ayol-robot hayratlanarli darajada realistik mimikani namoyish etadi: tabiiy tarzda ko‘zini pirpiratadi, atrofni kuzatadi va yon-atrofdagi voqealarga munosabat bildiradi.

Ushbu ishlanma AheadForm kompaniyasiga tegishli. Bu kompaniya bundan avval ham 2025 yil oktyabr oyida his-tuyg‘u ifodalash va reaksiya bildirish bo‘yicha o‘xshash imkoniyatlarga ega bo‘lgan Elf V1 modelini taqdim etib, katta e’tiborni jalb qilgan edi.

Sohani kuzatuvchilar fikricha, ishlab chiqarishda vazifalarni bajara oladigan robotlar allaqachon mavjud. Ammo asosiy murakkablik boshqa yerda — ularni ijtimoiy jihatdan qabul qilinadigan va emotsional muloqotga qodir qilib yaratishda.

Tobora ko‘proq tarafdor topayotgan nuqtai nazarga ko‘ra, ifodali mimikaga ega bo‘lmagan humanoid robotlar funksional bo‘lishi mumkin, ammo inson bilan emotsional aloqa o‘rnata olmaydi. Aynan shu jihat esa ularning ommaviy qabul qilinishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblanmoqda.

Ekspertlar ta’kidlashicha, faqat sanoat operatsiyalarini takrorlaydigan robotlarni haqiqiy texnologik yutuq deb atash qiyin — ayniqsa, xuddi shu vazifalarni robotlashtirilgan manipulyatorlar arzonroq va samaraliroq bajara olsa.

Xitoyning bir nechta kompaniyasi allaqachon nihoyatda realistik mimikaga ega robot boshlarini namoyish qildi. Ular asosida sintetik teri, mikroqo‘zg‘atkichlar va inson emotsiyalarini real vaqt rejimida taqlid qilish imkonini beruvchi sun’iy intellekt tizimlari yotadi. Bunday robotlar ko‘zini pirpirata oladi, suhbatdosh yuzini kuzatib boradi va yuz ifodasidagi juda nozik o‘zgarishlar orqali javob qaytaradi — shu tufayli ular bilan muloqot yanada tabiiy tus oladi.

Ushbu yutuqlar humanoid robotlarning kelajagi, ehtimol, harakat mexanikasidan ko‘ra ko‘proq inson bilan o‘zaro muloqot sifatiga bog‘liq bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid