Jahon | 01:17 / 07.08.2018
6563
3 daqiqa o‘qiladi

Ruhoniy: Eron diplomatiyaga ishonadi, Vashingtonga esa ishonib bo‘lmaydi

Foto: AP

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Vashingtonni ushbu davlatga nisbatan sanksiyalarning qayta tiklanishi oqibatlaridan ogohlantirdi. Al Mayadeen telekanali Ruhoniyning murojaatidan iqtiboslar keltirdi.

"Amerika Eronga qarshi sanksiyalar kiritgani uchun afsuslanadi", - dedi Ruhoniy millatga murojaatida. 

Ammo u qanday javob choralari ko‘rilishi haqida aniq gap aytmadi.

"Sanktsiyalarga qaramasdan, biz dunyoga so‘zimizda turishimizni va xalqaro shartnomalardagi majburiyatlarni bajarishimizni ko‘rsatamiz", - deb qo‘shib qo‘ydi Ruhoniy.

Eron prezidenti shuningdek, Vashingtonning Tehronga nisbatan sanksiyalar qisman tiklanishi haqidagi qaroridan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan ma'no yo‘q deb hisoblashini bildirdi.

"Sanktsiyalar kiritilgani uchun muzokaralardan hech qanday ma'no yo‘q", - dedi u.

Ruhoniyning ta'kidlashicha, Trampning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga chaqirig‘i "Eronda AQSh foydasiga bo‘linish paydo qilishga qaratilgan".

" 4+1 guruhi (Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy, Rossiya – tahr.) o‘zining Eron bilan birdamligini tasdiqladi va Vashingtonning yadroviy kelishuvdan chiqishini kompensatsiya qilish uchun qator choralarni ko‘rdi", - deb qo‘shib qo‘ydi u.

"Eron diplomatiyaga ishonadi, Vashingtonga esa ishonib bo‘lmaydi", - deya iqtibos keltiradi Sky News Arabia telekanali Eron prezidentining so‘zlaridan. 

Ruhoniy shuningdek, Rossiya va Xitoy AQShning Eronga qarshi sanksiyalariga qarshi turish niyatida ekanligini ta'kidladi.

"Rossiya va Xitoyning munosabatlarini Yevropa bilan mavjud munosabatlarimizga taqqoslab bo‘lmaydi, chunki ular AQSh bosimiga qarshi keng miqyosli kampaniyada ishtirok etmoqda, - deya uning so‘zlarini keltiradi Mehr agentligi. - Rossiya va Xitoy bank sektori hamda neft eksportida Amerika sanksiyalariga qarshi chiqishga va'da berdi. XXR shuningdek, Arak shahrida atom reaktorini modernizatsiya qilish ustida ish olib bormoqda".

Qo‘shma Shtatlar 2016 yilning yanvarida yadroviy kelishuv imzolangani bois Tehronga nisbatan bekor qilingan sanksiyalarni tiklashning birinchi bosqichini boshlaydi. Seshanba kunidan boshlab Tehron bilan oltin va boshqa qator metallar savdosiga, uning milliy valyutasi bilan operatsiyalarga nisbatan cheklovlar hamda Eron hukumatiga dollar sotish borasidagi taqiq kuchga kiradi. Tramp shu yilning may oyida Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini va Eronga nisbatan nafaqat avvalgi, balki yangi sanksiyalarni joriy etishini ma'lum qilgandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid