Sport | 22:03 / 08.08.2018
15031
10 daqiqa o‘qiladi

Klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yana 10 futbolchi

Angliyada 10 avgust kuni yozgi transferlar darichasi yopiladi. Bu yozda ham ingliz klublari katta xaridlarni amalga oshirishdi. Qolgan ikki kun davomida ham biz yangi transferlarni ko‘rishimiz mumkin. Quyida klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yana 10 futbolchi bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqamiz.

1. Eden Azar

«Agar «Real» meni sotib olishni istasa, nima qilishni biladi». Azar jahon chempionati vaqtida ham o‘zining ehtimoliy transferini muhokama qilgandi. Iyul oyida Azar o‘z istagi haqida shubha qoldirmadi. U Mauritsio Sarrining «Chelsi»ga bosh murabbiy bo‘lganiga quyidagicha munosabat bildirdi: «Sarri – yaxshi murabbiy, agar men u bilan sovrinlar qo‘lga kiritadigan bo‘lsam yaxshi murabbiy». Yana shunday dedi: «Chelsi»da o‘tgan 6 yildan keyin balki yangilik qilish kerakdir. Siz men qayerga borishni istashimni bilasiz».

Chempionlar ligasi finali arafasida futbolchining otasi hamda agenti Terri Azar «Real» klubi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Iyul oyi o‘rtasida esa Eden «Real» Zidan ketgan bo‘lsa ham o‘zi uchun jozibadorligini yo‘qotmagani haqida gapirdi. «Zidan bilanmi yoki Zidansizmi, «Real futbolkasi» hamisha alohida bir narsa. Hamma ham bu klubda o‘ynashni orzu qiladi». Hozircha Azar haqida yangi gap yo‘q, ammo u endigina ta'tildan qaytdi. Hali vaqt bor. «Chelsi»ning boshqa futbolchilarida ham.

2. Tibo Kurtua

Bu futbolchi masalasi ancha chigallashdi. Futbolchining agenti Kristof Genrotay klub haqida qattiq gaplar gapirdi. «Chelsi»dagilar barchasi futbolchiga bog‘liq ekani haqida aytishmoqda. Ammo Tibo allaqachon rahbariyatga «Real»ga o‘tish istagida ekanini ma'lum qilib bo‘lgan. «Chelsi»ga taklif ham kelib tushgan». Londonliklar jamoasi yangi bosh murabbiyi Mauritsio Sarri esa shunday deydi: «Meni Kurtuaning agenti nima degani qiziqtirmaydi. Uning o‘zidan ketmoqchi ekanini eshitishim kerak. Men uning o‘zi bilan gaplashishni istayman. «Chelsi»da ishtiyoqmand futbolchilar bo‘lishi kerak». Bu qiyin: Kurtua ta'tildan mashg‘ulotlarga qaytmadi.

U Belgiyada bo‘lib turgan vaqtda jamoasi rekord narx evaziga - 80 million yevroga  «Atletik»dan Kepa Arrisabalagani transfer qildi. Endi belgiyalik futbolchining ham kelajagi oydinlashishi kutilmoqda. OAVda u 40 million yevroga  «Real» futbolchisi bo‘lishi va yangi klubi bilan 6 yillik shartnoma imzolashi haqida xabarlar tarqalgan.

3. Temue Bakayoko

Britaniyalik jurnalistlar Bakayoko Sarri bilan suhbatda ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun boshqa klubga ketmoqchiligi haqida aytganidan xabar topishdi. Ammo futbolchi uchun jiddiy taklif bo‘lgani yo‘q. Muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin «Chelsi» bir yil avval 40 million yevroga sotib olgani 23 yoshli yarim himoyachisini xuddi shu narxga sota olmaydi.

Futbolchiga asosiy da'vogar – «Sevilya» bo‘lib turgandi, ammo bu klub futbolchini faqat ijaraga olishi mumkinligini bildirdi. Endi esa «Milan» asosiy da'vogarga aylangan. Italyanlar Sarri sxemalariga mos kelmagan fransiyalik futbolchini bir yilga ijaraga olib, keyinroq 35 million yevroga sotib olishni va'da qilishmoqda.

4. Joau Mariu

Futbolchining o‘zi barchasini aniq-tiniq qilib aytdi: «Men «Inter»ga kelganimda, bu loyiha kelajagiga ishongandim, ammo endi barchasi o‘zgarib ketdi. Klubda xaos yuzaga keldi. Men «Inter»ga qaytmayman. Menga italyancha futbol va A Seriya to‘g‘ri kelmaskan».

Uning milanliklar bilan ko‘p yillik shartnomasi bor. Lekin, «Inter» ushbu portugaliyalik futbolchini endi ijaraga bermoqchi emas (Joau Mariu o‘tgan mavsumda «Vest Hem»da ijarada bo‘lib qaytgandi), lekin uni transfer qiladigan jamoa ham topilmayapti. Portugaliyalik futbolchi jamoa mashg‘ulotlariga qaytishga majbur.

5. Matteo Darmian

Mourinoning so‘zlariga ishonamiz. «Darmian o‘zi ketishni istamoqda. Agar munosib taklif bo‘lsa, uni qo‘yib yuboramiz. Hozircha kelgan takliflar esa klubni qanoatlantirmayapti». Italiyalik futbolchi rostan ham ketishni istayotgani haqida gapirmoqda: «Men murabbiy va klub rahbariyati bilan kelajagim masalasini muhokama qildim. Ularga ko‘proq o‘ynamoqchiligim, shu tufayli klubni o‘zgartirmoqchi ekanim haqida aytdim. Italiyaga qaytamanmi? Ha, shunday bo‘lishini istardim».

Unga ayni vaqtda «Napoli» da'vogar bo‘lib turibdi. Neapolitanliklar klubi bu himoyachini keyinchalik transfer qilish sharti bilan ijaraga olishmoqchi.

6. Antoni Marsiyal

Yozning eng bezor qilgan transfer afsonalaridan biri. «Marsiyal «MYu»dan ketishni istamoqdami? Hayotda barcha istaklar ham amalga oshavermaydi». Mourino butun yoz davomida fransuz hujumchisini nishonga olib keldi. Ketish istagini yashirmagan futbolchi agenti orqali iyun oyi boshidayoq barchasini ma'lum qilgandi. Ammo «MYu» futbolchini ingliz klublariga qo‘yib yuborishni istamadi, unga «Chelsi» va «Tottenhem» talabgor bo‘lib chiqqandi. Klub futbolchini «Bavariya»ga Boateng evaziga taklif qildi, ammo myunxenliklar klubi rad qildi. Boatengning o‘zi esa Mourinoga telefon qilib, Manchester klubida o‘ynashni istamasligini bildirdi. Endi hamma kutmoqda. Agar Antoni Manchesterda qolsa, uning o‘zi ham, Mourino ham, klub ham bunga hayron bo‘lmaydi.

7. Mateo Kovachich

Xulen Lopetegi «Real» muxlislarini tinchlantirishga urindi: «Mateo Kovachich hamma qatori mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Uning ketmoqchi ekani haqida hech narsani bilmayman».

Bu gaplar unchalik ishonarli emas. Misol uchun, avvalgi mashg‘ulotlarni Kovachich o‘tkazib yuborgan edi. U 20 iyul kuni bosh murabbiy bilan gaplashib, o‘zini boshqa klubga qo‘yib yuborishini so‘radi. Biroq, «Real» barcha takliflarni rad qildi.

Kovachich ta'tildan qaytganidan so‘ng, vaziyat yana takrorlandi: u klubga murojaat qilib, transfer haqidagi takliflarni ko‘rib chiqishni so‘radi. Kovachichning maqsadi aniq: u doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqchi. «Real»ning maqsadini ham tushunsa bo‘ladi: Kovachich asosiy tarkib futbolchisi sifatida bo‘lmasa ham, zaxira futbolchisi sifatida klubga kerak.

8. Mario Balotelli

2018 yilning mayi. Mario Balotelli «Nitstsa» muxlislari bilan xayrlashdi: uning shartnomasi muddati tugagandi.

2018 yilning iyuni. Balotelli «Marsel» bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi. Odil Rami Mario «Marsel»da asosiy futbolchiga aylanishini aytdi.

2018 yilning iyuli. «Nitstsa» yangi bosh murabbiy Patrik Viyeyra bilan mavsumoldi yig‘inini boshladi. Balotellisiz.

2018 yilning iyul oyi yarmi. Balotelli jamoaga qo‘shildi. Nimalar bo‘lmoqda? Shartnomaga ko‘ra, u erkin agentga aylanmagan. Endi uning transferi uchun «Nitstsa» pul so‘ramoqda.

9. Robert Levandovski

Ikki yildan buyon Levandovskining «Bavariya»dan «Real»ga o‘tishi haqida yoziladi. Har transferlar darichasi vaqtida u yana Myunxenda qolaveradi. Bu yozda ham klubning yangi bosh murabbiyi Niko Kovach futbolchi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi: «Robert ketish haqida o‘ylamoqda. Ammo u xohlashi bilan klub xohlashi boshqa-boshqa gap. Uning klub bilan shartnomasi bor, u professional futbolchi. Uni qo‘yib yubormaymiz. Biz oldindagi mavsumda ko‘p narsalarga erishmoqchimiz, Robert – top-forvard».

Robert ilojsiz holatda.

10. Luka Modrich

Bir necha kun muqaddam, «Inter» «Bavariya»ga Arturo Vidal bo‘yicha taklif yuborganida, Luka esa oilasi bilan plyajda hordiq chiqarayotganida, bunday xabar mutlaqo asossiz ko‘rinardi. Ammo bir kun ichida barchasi o‘zgardi. «Barselona» yana bir italyan klubi nishonini ilib ketdi, kataloniyaliklar futbolchi uchun ko‘proq taklif qilishdi. Milanliklar esa buning ortidan «Real»ga yuzlanib, Luka Modrichni so‘radi. «Mayli, faqat 750 mln yevro to‘lab», — deya javob qaytardi Florentino Peres.

Hozirda bunday transfer fantastika bo‘lib ko‘rinmoqda, ammo jurnalistlarning aniqlashicha, Modrichning o‘zi Florentino Peresdan o‘zini Milanga qo‘yib yuborishni so‘ragan. Bu futbolchi va prezident o‘rtasidagi «jyentlmenlarcha kelishuv» orqali amalga oshadigan transfer bo‘lishi mumkin. «Inter» bosh murabbiyi Luchano Spalletti klubda katta mablag‘ yo‘qligini biladi, ammo u Modrich transferini orzu qilmoqda.

Mavzuga oid