O‘zbekiston | 23:15 / 08.08.2018
4617
2 daqiqa o‘qiladi

Ostonada O‘zbekiston savdo majmuini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi 

Foto: Sputnik

O‘zbekiston Milliy banki qoshidagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Qozog‘iston Respublikasidagi vakolatxonasi rasman ro‘yxatdan o‘tdi.

Jamg‘armaning ijrochi direktori Miraziz Isakovning ta'kidlashicha, mazkur vakolatxonaning asosiy vazifasi qo‘shni davlat bozorida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, xorijiy hamkorlarni topish, mahalliy brendlar reklamasini ta'minlash,shuningdek, ko‘rgazma, yarmarka, tender savdolari va boshqa tadbirlarda o‘zbek tadbirkorlarining ishtirokini tashkillashtirishdan iboratdir.

Shuningdek, qozog‘istonlik hamkorlarning O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, ularning yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi. Ana shu maqsadda vakolatxona qo‘shni davlat ishbilarmon doira vakillarining O‘zbekistonda biznes yuritish uchun sharoitlar haqidagi ma'lumotlar bilan kengroq tanishtirib borish orqali ularning O‘zbekistonga sarmoyalarni kiritishga jalb qilishda faol ishtirok etadi. 

Jamg‘arma vakolatxonasi tashabbusi bilan Ostona shahrida O‘zbekiston savdo majmuini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. Ushbu savdo majmuida o‘zbekistonlik eksportchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Majmuaning birinchi qavatida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olsa, yuqori qavatlarda mebel va to‘qimachilik, gilam va boshqa sanoat mahsulotlari joy oladi. Bu esa, mamlakatimiz eksport salohiyatini kengaytirish bilan birgalikda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid