Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Angliyada supermavsum boshlanmoqda. Endi kim chempion bo‘ladi?
Angliya premer-ligasida bu yozda yangilanishlar bo‘ldi. Angliya chempionati endi yanada qiziqroq bo‘lishi kutilmoqda.
Favoritlar
Premer-liga, stereotiplar yaratish va ularni yakson qilishi bilan ajralib turadi. 10 yil muqaddam Angliyada «kuchli to‘rtlik» bor edi va bu hududga «MYu», «Arsenal», «Chelsi» va «Liverpul»dan boshqa jamoa kira olmaydigandek edi. Ammo keyin biz «kuchli oltilik»ka o‘rganib qoldik. 2015 yilda hech kim o‘rtamiyona jamoa mamlakat chempioni bo‘lishini xayoliga keltira olmasdi. Ammo kutilmaganda «Lester» «uloqni ilib ketdi». O‘tgan mavsum arafasida ham «Manchester Siti» 3ta raqamdan iborat ochkolarni to‘plashini kutmagandi, ammo yakunda Gvardiola ikkinchi o‘rindagi «MYu»ga 19 ochkolik farq bilan yuqoridan qarab turardi.
Endi esa «Manchester Siti» uzoq vaqtgacha Angliyada gegemonlik qiladigandek tuyulmoqda. Pep Gvardiola jamoani mashinaga aylantirdi, bu jamoa hech kimdan qo‘rqmaydi: na kuchli raqiblardan, na to‘rt frontda jang olib borishdan, na jarohatlardan, na rotatsiyalardan va na avtobus jamoalardan. «Shaharlik»lar jamoasida deyarli barcha chiziqda YeChL darajasidagi ikki nafardan futbolchi bor (faqat darvozabon va tayanch zonasida bittadan). Shunday ekan, «Siti» bu mavsumda ham chempionlik uchun yaqqol favorit.
Ammo Gvardiola jamoasi mavsumning ikkinchi qismida bo‘shashi mumkin. O‘tgan mavsumda jamoa ochko yo‘qota borish bilan birga, kamroq gol urdi. Demak, boshqa jamoalarda ham imkoniyat bo‘ladi.
G‘arb nashrlarida va bukmekerlik idoralarida «Liverpul»ni ham sovrin uchun asosiy da'vogarlardan biri sifatida hisoblashmoqda. Bu jamoa bunga haqli: jamoaning barcha liderlari va bosh murabbiy o‘z joyida qoldi, o‘tgan mavsumdagi kuchsiz chiziqlar kuchaytirildi, jamoaning salohiyati o‘ta yuqori.
Joze Mourino esa mavsumlar oralig‘ida janjal ko‘tardi, u «MYu»ning asosiy futbolchilari jahon chempionatidan barvaqt qaytmagani va mavsumoldi yig‘inida ishtirok etmaganidan norozi bo‘ldi. Jamoa tarkibni faqat bir hafta muqaddamgina yig‘a oldi. Ammo «qizil iblislar» oltin medallar uchun asosiy da'vogarlar qatorida qolaveradi.
«Tottenhem» yozgi transferlar vaqtida biror transfer amalga oshirmagan yagona jamoa bo‘ldi. Nima qipti? Maurisio Pochettino qo‘li ostida shundoq ham raqobatbardosh jamoa bor, jamoa yetakchilarini tarkibda saqlab qolgan. Demak, bu jamoa ham birinchi o‘rinni egallay olishi mumkin.
«Arsenal» va «Chelsi» bilan bu mavsumda nima bo‘lishi qiziq. Ikki jamoada ham yangi murabbiylar ish boshladi, bu murabbiylarning ikkisi ham avval Angliyada ishlamagan. Lekin, bu masalan Kontega birinchi mavsumdayoq jamoasini chempion qilishiga xalal bermagandi. Birdan Unai Emeri yoki Maurisio Sarrida ham shunday bo‘lib qolishi mumkin. Qolaversa, ikkala jamoa ham bu mavsumda YeChLda qatnashmaydi va ichki chempionatga bor e'tiborni qaratib, boshqalarga nisbatan ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi.
O‘tgan mavsum sovrindorlari
«Manchester Siti» barchani yer tishlatishi mumkin edi, ammo jamoa faqat ikki sovrin bilan kifoyalandi: Angliya chempionligi va Angliya Ligasi Kubogi. Chempionlar ligasida «shaharliklar» ham asosiy favoritlardan biri edi, lekin jamoa chorak finalda «Liverpul»ga ikki marta mag‘lub bo‘ldi, shunday ekan yevrokuboklarda Yurgen Klopp Gvardiolani ortda qoldirdi. O‘tgan mavsum arafasida Superkubokni Arsen Vengerning «Arsenal»i qo‘lga kiritgandi. Angliya Kubogida esa «Chelsi» g‘olib chiqdi. Garchi bu sovrin Antonio Konteni jamoada olib qololmagan bo‘lsada.
Bu mavsumda ilk sovrin egasini topib bo‘ldi

Angliya ligasi Kubogi va premer-liga kubogi yoniga «Manchester Siti» Superkubokni ham qo‘shib qo‘ydi. «Chelsi» bilan o‘yin ikki jamoaning ham «aralash» tarkiblari o‘rtasida kechdi. Sarri yangi jamoasidagi ilk rasmiy o‘yinda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ammo buni rosmanasiga tor-mor bo‘lish, desa ham bo‘ladi. Gvardiola hali hech qachon sovrinni bunchalik osonlik bilan qo‘lga kiritmagandi.
Yangilar
Bu mavsumning asosiy savollaridan biri shunday: Kim yettinchi o‘rinni egallaydi? Oltilikka qaysi jamoalar kirishiga shubha yo‘q, grandlar boshqa jamoalardan ancha kuchli. «Byornli» bu mavsumda Yevropa Ligasi bilan band bo‘ladi, «Everton»da «qayta qurish» jarayoni davom etmoqda, «Lester», «Sauthempton» va «Nyukasl» jamoalari yozgi transferlar vaqtida tarkibni kerakli darajada kuchaytira olishmadi.
Nima uchun bukmekerlar chempionshipdan yuqori ligaga ko‘tarilib kelgan «Vulverhempton»ni yettinchi o‘rin uchun asosiy da'vogar sifatida ko‘rishmoqda? Nimaning evaziga?
«Bo‘rilar» jamoasi tarkibini portugal tilida so‘zlashuvchi futbolchilar bilan to‘ldirib oldi. Murabbiy ham portugaliyalik Nuku. «Vulverhempton» chempionshipda chempion bo‘lgan, jamoa o‘tgan mavsumda ham yaxshigina tarkib yiqqandi - tarkibdagi 6 nafar futbolchi Chempionlar ligasida o‘ynash tajribasiga ega, yana biri Yevropa Ligasi yarim finalida o‘ynagan.
«Fulhem» ham «Vulverhempton»dan qolishmaydi. O‘tgan o‘n yillikda xalqaro maydonlarda o‘z nomini tanitgan bu jamoa ham yozgi transferlar vaqtida anchagina kuchaydi. Masalan, «Fulhem» «Barselona» ham da'vogar bo‘lgan Serini «Nitstsa»dan sotib oldi. Bundan tashqari, bu jamoaga «Nyukasl»dan Aleksandr Mitrovich, «Arsenal»dan Kallum Chembers, Dortmundning «Borussiya»sidan Shyurrle ham kelib qo‘shildi. Jamoada britaniyalik yosh iqtidor Rayan Sessenon ham to‘p suradi.
Uchinchi yangi jamoa esa «Kardiff Siti». «Suonsi» Premer-ligada jon saqlab qololmadi, ammo Uels boshqa bir jamoasini taqdim etdi. Nil Uornok sakkizinchi marta chempionship jamoasini APLga olib chiqdi, ammo uelsliklar birinchi mavsumdanoq ortga qaytishi mumkin. Bu jamoa tarkibi Angliya premer-ligasi darajasida emas. Uelsliklar faqat chempionship vakillari bilan tarkibni kuchaytirishgan.
Autsayderlar
«Kardiff» ligada qolish uchun kurash olib boradi. Ligadagi eng kuchsiz jamoalardan yana biri - «Haddersfild». Devid Vagner o‘tgan mavsumda jamoaning bor imkoniyatlarini ishga solib, ligada qoldi. Uning o‘zi ligada qolishni «mo‘'jiza» deb atagandi. Ammo «mo‘'jizalar oqimi» bo‘lmaydi. «Haddersfild» esa transferlarda faol bo‘lmadi, jamoaning xaridlari raqiblarniki bilan solishtirganda o‘ta ishonchsiz. Boshqa bir tomondan har mavsum arafasida «Bornmut»ni ham quyi ligaga ravona qilishadi, ammo jamoa ligada qolaveradi. Balki «Haddersfild» bilan ham shunday bo‘lar.
Biz bu safar ham «Bornmut»ni autsayderlar qatoriga qo‘shamiz. «Byornli»dan ham bu mavsumda o‘tgan mavsumdagi kabi matonat kutish o‘rinsiz, jamoa yuqoridan quyiga sho‘ng‘ishi tayin. Yana «Brayton» va «Uotford»ga ham savollar ko‘p. Ularning biri o‘tgan mavsumda juda kam gol urgan, ikkinchisining tarkibi eskirgan va juda kuchsizlangan.
Chempionat tizimi
O‘tgan yili Angliya futbol amaldorlari premer-ligada ham qishki tanaffusni joriy etish masalasini muhokama qilishdi. Festival haftasi va boxing day Angliya futbolining qadimiy an'analaridandir, bu ingliz futbolining qon-qoniga singib ketgan. Ammo shu tizimni ham o‘zgartirishga to‘g‘ri kelmoqda. Bugungi kunga kelib o‘yinlar intensivligi yanada yuqorilashdi, shu tufayli mavsum o‘rtasida tanaffussiz davom etish futbolchilar uchun xavfli bo‘lib qoldi. Joriy mavsumda ham tanaffus bo‘lmaydi, ammo telekompaniyalar bilan kelishuvga ko‘ra, keyingi mavsumdan tanaffus joriy etiladi.
Bu mavsum esa odatdagi formatda o‘tadi. Chempionlar ligasi uchun 4 yo‘llanma, Yevropa Ligasida g‘olib chiqish orqali beshinchi yo‘llanma qo‘lga kiritilishi mumkin. Yevropa Ligasiga yo‘llanmani Angliya Kubogi yoki Angliya Ligasi Kubogida g‘olib bo‘lish orqali qo‘lga kiritish mumkin. Agar bu yevrokubokda inglizlarning top-5likdagi jamoalaridan biri g‘olib bo‘lsa, uning YeLdagi o‘rni keyingi mavsumda oltinchi yoki yettinchi o‘rin egasiga o‘tadi.
Yozdagi asosiy transferlar

Ueyn Runi Angliya bilan xayrlashdi va «Everton»dan Amerikaning «Di Si Yunayted» klubiga yo‘l oldi. Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted»ga qaytmadi va kutilgan bomba transfer amalga oshmadi. Eng ko‘p muhokama qilingan transferlardan biri Mahrezning nihoyat «Lester»ni tark etib, «Manchester Siti» tarkibini to‘ldirgani bo‘ldi. «Arsenal» esa jiddiy kuchaydi, yangi bosh murabbiy Unai Emeridan tashqari, Stefan Lixtshtayner, Sokratis Papastatopulos va Lukas Torreyra tarkibga kelib qo‘shildi.
Transferlarda eng faol jamoa «Liverpul» bo‘ldi. Jamoa yangi mavsumga darvozabon Alisson, yarim himoyachilar Keyta va Fabino, qanot vakili Shakiri bilan kirib kelmoqda. Bu kampaniya barchani, hatto «Manchester Siti»ni ham qo‘rqita oladi.
Prognoz
Bu mavsum Joze Mourino uchun hal qiluvchi mavsum bo‘ladi. U ayni vaqtda qattiq asabiylashmoqda, ko‘plab yetakchilar mavsumoldi yig‘inida ishtirok etmaganiga e'tiroz bildirmoqda, Marsiyal bilan nizo chiqardi, boshqa yosh futbolchilarni ham tinimsiz tanqid qilmoqda. Bu uning «MYu»dagi uchinchi yilida sodir bo‘lmoqda, tarix guvohki, uchinchi mavsumda Mourino ishni eplay olmay tashlab ketadi. Katta ehtimol bilan yana shunday bo‘ladi: «Yunayted» kuchli to‘rtlikka kira olmaydi.
«Arsenal»ning yangilangan tarkibi jamoa fanatlariga yana umid bermoqda. Ko‘rinishidan Unai Emeri ser Aleks Fergyusonga «Yunayted»da munosib izdosh bo‘lolmagan Devid Moyyesning taqdirini takrorlamoqchi emas.
«Chelsi»da hozirdan muammolar bor. Jamoani Tibo Kurtua janjalli tarzda tark etdi. Oy oxiriga qadar esa Eden Azar ham ketib qolishi mumkin (bu holda jamoa uning o‘rniga futbolchi ololmaydi), Sarri esa ishni juda kech boshladi, jamoa Konte bilan shartnomani bekor qilishda qiynaldi va yangi murabbiyni iyul oyining ikkinchi yarmiga kelib tayinladi. «Chelsi» ham kuchli to‘rtlikdan tashqarida qolishi mumkin.
«Tottenhem» o‘zgarmadi, ammo «shporlar» bir necha yildan buyon barqaror o‘yin namoyish etib kelmoqda. Ko‘p ehtimol bilan ular «Manchester Siti» va «Liverpul» bilan birga oltin medallar uchun kurashadi.
Albatta, amaldagi chempionlarning imkoniyati kattaroq, ularning qoqilishini kutish qiyin. Ammo Angliyada o‘n yildan buyon bir jamoa qatorasiga ikki yil chempion bo‘lgan emas. Premer-ligada eng kuchli jamoalar ham ligada qolish uchun kurashishga majbur bo‘lishi mumkin. Angliya chempionati shunisi bilan muxlislarni o‘ziga jalb qilib keladi.
Iqtiboslar
Joze Mourino, «MYu» bosh murabbiyi:
- Biz mavsumni jahon chempionatida ishtirok etgan futbolchilarimizsiz boshladik. Biz zarur mashg‘ulotlarni o‘tkaza olmadik. Juda qiyin bo‘ladi. Rostini aytsam, biroz qo‘rqayapman.
Yurgen Klopp, «Liverpul» bosh murabbiyi:
- Biz mavsumoldi yig‘inlarini yomon o‘tkazmadik. Bir qancha yorqin g‘alabalarga erishdik, ammo bu hech narsa emas. Premer-ligada biz har hafta g‘alaba qozonishimiz kerak. Avval bir o‘yinni, keyin ikkinchisini, keyin yana. Vaqtichog‘liq qilishga vaqt bo‘lmaydi. Biz oldindagi mavsumga katta umid bilan boqmoqdamiz. Bilamizki, chempionlik uchun kurash juda qiyin kechadi.
Pep Gvardiola, «Manchester Siti» bosh murabbiyi:
- Sovringa da'vogarlar ko‘p, biz ulardan birimiz. «Liverpul» hamisha da'vogar bo‘lib kelgan. Bunday jamoa hamisha chempionlik uchun kurashadi.
Mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘lish uchun Harri Keyn, Romelu Lukaku, Per-Emerik Obameyang, Muhammad Saloh va Gabriyel Jyezus kabi futbolchilar raqobat qiladi.
Mavsum kashfiyoti bo‘lishi mumkin bo‘lgan futbolchilar sifatida Matteo Ganduziy («Arsenal»), Kallum Hadson-Odoi («Chelsi»), Rayan Sessenon («Fulhem»), Fil Fouden («Manchester Siti») va Ruben Nevesh («Vulverhempton») kabi nomlarni sanash mumkin.
Angliya Premer-ligasi
1-tur
10 avgust
00:00. Manchester Yunayted – Lester
11 avgust
16:30. Nyukasl – Tottenhem
19:00. Haddersfild – Chelsi
19:00. Bornmut – Kardiff
19:00. Fulhem – Kristal Pelas
19:00. Uotford – Brayton
21:30. Vulverhempton – Everton
12 avgust
17:30. Sautgempton – Bernli
17:30. Liverpul – Vest Hem
20:00. Arsenal – Manchester Siti
O‘yinlar boshlanishi Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid
13:15 / 15.08.2022
«Arsenal» va «Siti» 4 tadan gol urdi, «MYu» 4 ta o‘tkazdi. Derbida janjal. APLda tur yakunlari
21:18 / 13.08.2021
APL qaytmoqda. «Siti» yana chempionmi?
14:21 / 05.10.2020
Mourinoning qaytishi va Kloppning yakson etilishi. APLda superyakshanba
10:05 / 15.01.2019