«MYu» «Tottenhem»ga o‘z uyida, «Liverpul» esa «Astonvilla»ga safarda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi, turnir jadvalida esa yo‘qotishlarsiz borayotgan «Everton» yetakchilik qilmoqda.

Angliya chempionati. Premer-liga. 4-tur
«Manchester Yunayted» — «Tottenhem» — 1:6 (1:4)
Gollar: Brunu Fernandesh, 2 — penalti (1:0). Ndombele, 4 (1:1). Son Xin Min, 7 (1:2). Keyn, 30 (1:3). Son Xin Min, 37 (1:4). Ore, 51 (1:5). Keyn, 79 — penalti (1:6).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Shou, Maguayr, Bayi, Van-Bissaka, Pogba, Matich (Fred, 46), Brunu Fernandesh (Maktominey, 46), Marsiyal, Reshford, Grinvud (van de Bek, 68).
«Tottenhem»: Lloris, Ore, Sanches, Regilon, Sissoko, Xeyberg, Dayyer, Ndombele (Alli, 69), Son Xin Min (Deyvis, 73), Lamela (Lukas Moura, 46), Keyn.
Ogohlantirishlar: Lamela, 32. Bayi, 63. Shou, 84.
Chetlatish: Marsiyal, 28.
Hakam: Teylor.
4 oktabr. Manchester. «Old Trafford» stadioni.

Joze Mourino olti o‘yindan buyon sobiq jamoasini mag‘lub eta olmay kelayotgandi. Bu esa unga xos holat emas - u hamisha prinsipial raqiblarga qarshi juda katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘radi. Bu safargi to‘qnashuvga portugaliyalik mutaxassis xotirjam tarzda tashrif buyurdi, u «Old Trafford»ga qasos olish uchun kelmaganini ta'kidladi. «Qanaqa qasos? Bu yerda menga hech kim yomon munosabatda bo‘lmagan», — deya «MYu» rahbariyatiga maqtov bildirdi Mourino.

«Shporlar» jamoasi bosh murabbiyining kayfiyati a'lo darajada ekani ko‘rinib turardi. Bir hafta ichida uning shogirdlari «Chelsi»ni Angliya ligasi kubogidan chiqarib yubordi va Yevropa ligasida futbolga xos bo‘lmagan hisobda g‘alaba qozondi - 7:2. Hozirgi «Tottenhem» va zerikarlilik — bir-biriga begona tushunchalar, garchi o‘tgan mavsumda pragmatik futbol uchun Mourino tanqid qilingan va Maurisio Pokettino undan yaxshiroq bo‘lgani haqida fikrlar bildirilgandi.

O‘yinning 30-soniyasidayoq penalti belgilanishi va Brunu Fernandeshning odatdagi kabi qaytarib bo‘lmas zarbasi mehmonlarni izdan chiqara olmadi. Ular tezda o‘yinda burilish yasashdi va ikki daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirishdi. Maguayr jarima maydonida oddiy vaziyatda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi, Lamelaning bosimi ostida Shou ham to‘pni uzoqlashtira olmadi, Ndombele esa yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qildi.