Jyezus to‘rt golda qatnashdi, «Arsenal» yo‘qotishsiz davom etdi

O‘tgan mavsumda «Arsenal»ga yaqqol to‘purar futbolchi yetishmagandi, ammo Gabriel Jyezusning kelishi Mikel Arteta jamoasini yangi darajaga olib chiqdi. Mavsumoldi yig‘inidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham gollarni qalashtirgan braziliyalik futbolchi «Emireyts»dagi ilk rasmiy o‘yinidayoq «kanonirlar» jamoasi muxlislarining yangi kumiriga aylandi. Hisobni ochuvchi golni urishda u to‘pni darvozaning uzoq «to‘qqizligi»ga joylab qo‘ydi. Keyin bu shedevrga odatiy gol qo‘shildi — uzoq ustun oldida to‘p uchun kurashda bosh bilan aniq harakat qildi. U tanaffusga qadar het-trik rasmiylashtirishi ham mumkin edi, Jyezus o‘z ta’qibchisini ortda qoldirib, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi. Ammo Uord aql bovar qilmas harakat bilan to‘pni to‘xtatdi va intrigani saqlab qoldi, bundan oldinroq Saliba ahmoqona avtogoli bilan hisob qisqarishiga sababchi bo‘lgandi.

Ammo yakunda uelslik darvozabon «Lester»ning o‘yinni qutqarish imkonini yo‘qqa chiqardi, u oson vaziyatda to‘pni qo‘lida tutib qololmadi va Chakaga gol sovg‘a qildi. Uordga Ramsdeyl munosib dalda berdi va Meddisonning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasini oyoqlari orasidan o‘tkazib yubordi, ammo ko‘p o‘tmay Gabriel Martinelli jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi. Chaka bilan bo‘lgan vaziyatdagi kabi unga ham fenomenal o‘yin ko‘rsatayotgan Jyezus assistentlik qildi.

Holand to‘pga sakkiz bor tegindi, «Siti» birinchi o‘rinda

O‘tgan turda Holand dubl rasmiylashtirgandi. Endi esa assist muallifi bo‘ldi. Ko‘rinishidan arzimasdek, ammo u buni mahorat bilan ijro etdi! Norvegiyalik Gundo‘g‘anning uzatmasini uch himoyachi orasida turib qabul qilib oldi va kuchli bosim ostidaligiga qaramay yiqilayotgan holda to‘pni darvozabon bilan birga-bir chiqib borayotgan sherigiga qaytarib berdi.

Bu epizod —  Holand jamoadoshlari va Xosep Gvardiolaning prinsiplarini naqadar yaxshi tushunayotgani ifodasi bo‘ldi. Lekin hozircha uning o‘yinga qo‘shilib ketish darajasi u qadar yuqori emas. 74 daqiqada to‘pga sakkiz bor teginish va ikki uzatma berish — juda kam. Ammo «Siti»da natijani ta’minlashi mumkin bo‘lgan futbolchilar yetarlicha. Masalan, de Bryuyne «shvedka» zarbasi bilan hisobni oshirdi, ko‘p o‘tmay Fodenga golli uzatma berdi. Belgiyalik futbolchi so‘nggi o‘n besh uy uchrashuvidan faqat bittasini golli harakatsiz yakunlagan, «shaharliklar» esa chempionlik grafigi bo‘yicha ketmoqda.