Erdo‘g‘an Turkiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar inqiroziga baho berdi
Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydiganlar bilan hamkorlik qilish niyatida emasligini bildirdi, deb xabar berdi Anadolu agentligi.
"Biz terrorchilik tashkilotini deb 81 millionlik aholisi bo‘lgan mamlakat bilan sheriklik va ittifoqchilikni qurbon qiladiganlar bilan xayrlashamiz", — dedi Erdo‘g‘an AQSh bilan munosabatlardagi inqirozni izohlar ekan.
Erdo‘g‘an shuningdek, Anqara yangi birlashma va ittifoqlar bilan hamkorlikni faollashtirish niyatida ekanligini bildirdi. U "yangi bozorlarga yuz burish" savdo urushiga javob choralari bo‘lishini aytdi.
U Turkiya "ayyorona siyosiy o‘yin" bilan to‘qnash kelganini ta'kidladi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Anqara "valyuta kursidan larzaga kelmoqda".
Keyingi paytda amerikalik pastor Endryu Branson ishi sababli Turkiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib ketdi. Turkiya pastorni 2016 yilning oktabridan buyon hibsda saqlamoqda. U Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan FETO tashkilotiga yordam berish, shuningdek Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) ni qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda.
AQSh moliya vazirligi Branson ishi yuzasidan Turkiya adliya vaziri Abdulhamit Gul va ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘yluga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Ular pastorning hibsga olinishida muhim rol o‘ynagani ta'kidlanmoqda. Bu amaldorlarning AQShga kirishi taqiqlanadi, ularning Amerikadagi aktivlari muzlatiladi.
Bundan tashqari, Tramp Turkiyadan keltiriladigan po‘lat va alyuminiyga nisbatan boj to‘lovi ikki marta - 20% va 50%ga oshirilishini ma'lum qildi.