Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda «Halol» standarti qachon joriy etiladi?
O‘zbekistonda «Halol» sertifikatlashtirish tizimini joriy etish uchun, avvalo, o‘sha standartlar amalda joriy etilishi kerak. Ayni paytda O‘zbekistonda 5ta «Halol» standarti qabul qilingan, deb xabar beradi «O‘zstandart» agentligi rasmiy vakili.
«Joriy etilgan 5ta «Halol» standarti yurtimizda ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulot turlarini qamrab olmaydi. Shu tufayli, joriy etilgan standartlardan tashqari yana 8ta standart loyiha sifatida ishlab chiqildi.Bu masalada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, «O‘zbekoziqovqat» XK, Sog‘liqni saqlash vazirligi va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda», deydi rasmiy vakil.
«O‘zstandart» agentligidan Kun.uz'ga ma'lum qilinishicha, jami 13ta standart joriy etilishi bilan barcha turdagi mahsulotlarni «Halol» standarti mezonlari bo‘yicha baholash imkoniyati paydo bo‘ladi.
«Standart yaratilgandan so‘ng, uni baholovchi idora ham bo‘lishi lozim. Bu ikki turda amalga oshiriladi: birinchidan, laboratoriya sinovi tarzida va natijalarga asoslangan holda sertifikatni rasmiylashtirish. Laboratoriya qurilishi uchun joriy yilda 2,8 million dollarga teng Janubiy Koreya granti ajratilgan. Bundan tashqari, 11 million dollar atrofida ajratilgan kredit hisobiga respublika bo‘yicha 9ta laboratoriya tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, barcha laboratoriyalarda «Halol» standarti mezonlari bo‘yicha sinovlarni tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi agentlik vakili.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita laboratoriya sinov natijalari bilan tanishib chiqib, agar natijalar diniy tartibga mos kelsa, sertifikatni rasmiylashtirish bo‘yicha xulosa taqdim etadi. Chunki, «Halol» standarti asosan mahsulotning o‘zigagina emas, balki uni tayyorlash jarayoniga berilgan baho sifatida qayd etiladi. Albatta, mahsulot tarkibi va yetishtirish bosqichlariga alohida e'tibor qaratiladi, shuningdek chorva hayvonlarini so‘yish, go‘shtlarni saqlash va chiqindilardan asrash kabi masalalar ham diqqat markazda bo‘ladi.
Biroq, amalda «Halol» standartini sertifikatlashtirish idorasi tashkil etilmadi. Bu masalada Hukumatning alohida qarori ishlab chiqilmoqda. Ushbu jarayonlarga xususiy tadbirkorlik ishtirokchilari aralashmaydi. Ta'kidlanishicha, Hukumat tomonidan vakolatga ega alohida muassasaga ushbu mas'uliyat yuklanadi.
Ma'lumot uchun, o‘tgan yili 6 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.
Qaror bilan «O‘zstandart» agentligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yigirma kun muddatda respublikada xalqaro standartlarni, shu jumladan «ISO 22000», «Halol» standartlarini joriy etish va keyinchalik ko‘llash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangandi.
Hujjatda nazarda tutilgan pirovard maqsadlardan biri - O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni chet elga, ayniqsa aholi tarkibida musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi davlatlarga eksport qilish hajmi va sifatini oshirishdan iborat.
Mavzuga oid
09:30 / 15.06.2026
Endi o‘qishni ko‘chirishda ham sertifikatlar uchun ball beriladi
15:20 / 14.03.2026
Bo‘lajak o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlashdan ixtiyoriy tarzda o‘tishi mumkin
22:24 / 01.03.2026
O‘qituvchilarning amaldagi sertifikatlari muddati tugamagunicha malaka toifasi tushirilmaydi – vazirlik
12:38 / 13.02.2026