Jamiyat | 12:05 / 14.08.2018
9464
4 daqiqa o‘qiladi

“Yeganin osh demang yolg‘iz ayolning…”: Tojixol opadan yordamimizni ayamaylik

Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zmoq insoniylikning oliy mezonidir. Agar shunday insonlarga yordam bersak, qalblarimiz ham xotirjamlikka erishadi. Kundalik hayotimiz ham ijobiy tomonlarga o‘zgara boshlaydi. Ishlarimizga baraka kiradi. 

Yordamga muhtoj insonlar Kun.uz tahririyatiga murojaat qilmoqda. Ularga imkon qadar yordam berishga intilamiz. Shunday murojaatlardan biri Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Sadriddin Ayniy mahallasida istiqomat qilayotgan Qudratova Tojixol opadan kelgan. Biz Tojixol opa bilan yuzma-yuz suhbatlashdik. Ularning ahvolini o‘rgandik.

Ularning aytishicha, kasallik bir muddat avval boshlangan. Avvaliga opaning qon bosimi oshadigan bo‘lib qolgan. Keyinroq uy ishlarini bajarayotgan vaqtida og‘ir yuk ko‘taradi. Shunday vaqtda umurtqasida qarsillagan ovoz eshitiladi. Bir muddat bu holga e'tibor bermaydi. So‘ng 2005 yil yanvar oyidan boshlab asta-asta boshida, so‘ngra oyog‘ida og‘riq kuchaya boshladi. Keyin shifokorga borganida umurtqa churrasi tashxisi qo‘yiladi. 2007 yili qon bosimi oshib, oyog‘i toyib qattiq yiqilib tushadi. Og‘riq yanada kuchaya boshladi. Tezda shifokor qabuliga boradi. Ular jarrohlik amaliyoti zarurligini aytishadi. Lekin Tojixol opa rozi bo‘lmaydi. Biroq bir muddatdan so‘ng og‘riq kuchayishda davom etgach, ilojsiz rozi bo‘ladi. Keyin opa davolanib yuradi. 2008 yili yura olmay qoladi. Shundan beri shifoxonaga qatnab davolanmoqda.

Tojixol opa oila qurmagan. Ota-onasi ham bu olamdan o‘tib ketishgan. Aka-ukalari oila qurib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgan. Yolg‘iz ayol. Rejalashtirayotgan jarrohlik amaliyoti og‘irligi sabab Hindiston shifokorlari bilan bog‘langan. Ular operatsiya muvaffaqiyatli o‘tishiga kafolat berishgan. Biroq, jarrohlik amaliyoti narxi qimmat. «10 ming dollar atrofida mablag‘ ketadi», deyishgan hind shifokorlari. 

Tojixol opa hamshiralik kasbi ortidan kun kechiradi. Buning ustiga 1-guruh nogironi. O‘zi yig‘gan mablag‘ mavjud. Biroq bu pul yetmaydi. Doimiy og‘riqlar iskanjasida qolgan ayol davolanishi uchun ozroq mablag‘ga zoriqib turibdi.

Bemorning shifokori bilan ham bog‘landik. Uning tashxisiga ko‘ra, bemor o‘zi yura olmaydi. Mushaklar taranglashgan. Bel sohasida kuchli og‘riq mavjud. Og‘riq oyoqqa uzatiladi. Oyoqlarida sezgi holatlari buzilgan. Zudlik bilan jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lmoqda.

Azizlar, bu o‘tkinchi dunyo hayoti yaxshiliklar uzra barpo qilingan, desak adashmaymiz.  Kimdir savobli amallarni qilsa, boshqa birov unga vasila bo‘ladi. Bundan xalq ham, jamiyat ham yutadi. Yagona Xoliq zot esa, bizlardan rozi bo‘ladi. Betob yolg‘iz ayoldan yordamimizni ayamaylik. Bir-ikki bo‘lib yig‘ilsa ham ming bo‘ladi. Biz millionlarmiz. Vatandoshimizga yordam beraylik. Yana tilagimiz shuki, oramizda xayr-ehson qiluvchilar ko‘payaversin, hech kim dard chekmasin, muhtojlar qolmasin, barchamiz qilgan xayrli amallarimizning savobini u dunyoda to‘la-to‘kis olaylik!

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun:

Click, Payme: 8600 0504 8866 1416

Telefon: +99899 474-45-26 (Qudratova Tojixol)

Зафар Солижонов
Tayyorlagan Зафар Солижонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid