Sport | 16:22 / 14.08.2018
18619
2 daqiqa o‘qiladi

Jakarta-2018. O‘zbekiston ilk turda Bangladesh ustidan yirik g‘alabaga erishdi

Foto: The AFC.com

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida o‘z ishtirokini boshladi. Ravshan Haydarov shogirdlari «V» guruhidagi ilk o‘yinda Bangladeshga qarshi maydonga tushib, yirik g‘alabaga erishdi.

Kutilganidek, o‘yin to‘liq Osiyo chempionlarining nazorati ostida o‘tdi. 24-daqiqada O‘zbekiston olimpiyachilarining o‘ng qanotdan tezkor qarshi hujumi natijasida hisob ochildi. Raqib jarima maydoniga yorib kirgan Ikrom Aliboyev markazda turgan O‘rinboyevga to‘pni oshirdi, Zabihillo boshi bilan uni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi – 1:0.

Ikkinchi taymda ham Haydarov shogirdlarining raqibdan sezilarli ustun ekani ko‘rinib turdi. Dastlab 57-daqiqada Javohir Sidiqovning to‘p uzatishidan so‘ng jarima maydoni markazida bo‘sh qoldirilgan Doston Hamdamov imkoniyatdan unumli foydalangan bo‘lsa, oradan 10 daqiqa ham o‘tmay darvozabon urib yuborgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Ikrom Aliboyev hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

Guruhdagi ikkinchi uchrashuv – Tailand-Qatar bahsi Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2-tur o‘yinlari 16 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonga Qatar olimpiyachilari raqib bo‘ladi.

Osiyo o‘yinlari, 1-tur
O‘zbekiston– Bangladesh – 3:0
Gollar:
 Zabihullo O‘rinboyev (24), Doston Hamdamov (57), Ikrom Aliboyev (67)
O‘zbekiston OTJ: Botirali Ergashev, Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Abbos Otaxonov, Jaloliddin Masharipov, Odil Hamrobekov, Zabihillo O‘rinboyev (Bobur Abduxoliqov, 69), Javohir Siddiqov (Xurshid G‘iyosov, 79), Ikrom Aliboyev, Doston Hamdamov (Aziz Turg‘unboyev, 64), Dostonbek Tursunov.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid