Jamiyat | 10:50 / 15.08.2018
99802
4 daqiqa o‘qiladi

«Spark» va «Jiguli»dagi shaxslar o‘rtasidagi hodisa bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi

Shu yilning 11 avgust kuni Uchtepa tumanida sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi. Voqeaning to‘liq tafsilotlarini o‘rganish jarayonida barcha daliliy ashyolar to‘planib, ushbu jinoiy ish ishtirokchilarining ko‘rsatmalari olindi va ularning har biriga albatta tegishli baho beriladi, deb xabar qilmoqda poytaxt IIBB axborot xizmati.

Hozirga qadar voqeaning 3 nafar jabrlanuvchisi va yana 3 nafar gumonlanuvchisi ko‘rsatma bergan. Yana ikki gumondor, jumladan hodisa tashkilotchisi deb aytilayotgan 27 yoshli J.Shoxruhni qo‘lga olish harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, jabrlanuvchi – 23 yoshli A.Botirjon tanishi Shoxruhdan pul qarz olib, oxirgi 500 ming so‘mni qaytarolmagan. Gumonlanuvchi J.Shoxruh 24 yoshli G.Ziyovuddin, 31 yoshli M.Muzaffar, N.Bekzod va 33 yoshli I.Abdug‘ani bilan «VAZ-2105» (Muzaffar boshqaruvida) va Abdug‘ani boshqargan «Neksiya-3» avtomobilida «Vatan» kinoteatri yonida «Spark» mashinasini boshqarib ketayotgan 34 yoshli M.Jasurning yo‘lini to‘sib uni to‘xtatishgan. Qo‘lga olinganlarning ko‘rsatma berishicha, Ziyovuddin «Spark» mashinasining shinasiga ziyon yetkazgan, Muzaffar esa oynasini sindirgan.

Shundan so‘ng, huquqbuzarlar jabrlanuvchilarni kuch bilan o‘zlarining mashinalariga o‘tqazib, Sergeli tumaniga olib ketishgan va o‘sha yerda ularga tan jarohati yetkazishgan. Jarohat darajasiga shifokorlar aniqlik kiritishmoqda. Shundan keyin G.Ziyovuddin va N.Bekzod jabrlanuvchilarni shifoxonaga olib borib, haqiqatni aytib qo‘ymasligi uchun kuzatib turishgan. Qo‘rquv ostida qolgan jabrlanuvchilar shifokorlarga bo‘lib o‘tgan voqea haqida aytishmagan va ichki ishlarga ham xabar berishmagan. Lekin holat tasvirlangan videolavha Internet tarmog‘ida tarqatilgandan so‘ng, sir oshkor bo‘lgan. Toshkent shahar IIBB mazkur tasvir asosida tezkor tergov harakatlarini olib borib, shu kuni kechki payt gumondorlarning shaxsiga aniqlik kiritilgan va qisqa fursatda ulardan 3 nafari qo‘lga olingan.

“Shu o‘rinda shahar aholisi va mehmonlarining xavfsizligini ta'minlash uchun IIBB tomonidan barcha chora-tadbirlar olib borilayotganini ta'kidlash joiz. Lekin ushbu mas'uliyatli vazifani uddalash oson bo‘lmagan ishdir. Shunga qaramay, Toshkent shahrida nafaqat jinoiy holatlarning oshib ketmasligiga, balki ularning sonini kamaytirishga erishilmoqda.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilning 7 oyida bezorilik holatlari o‘tgan yilga nisbatan -56,7%ga, og‘ir jinoyatlar -34,7%ga, o‘ta og‘ir jinoyatlar -48,4%ga pasaygan.

Alohida qayd etib o‘tish kerakki, bu kabi yutuqlarda hamshaharlarimizning ham katta hissalari bor. Bunda yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga e'tiborsiz bo‘lmay «102»ga xabar bergan yoki video va fotolavhalarni yuborib bizni xabardor qilib kelayotgan faol hamshaharlarimizning yordami katta bo‘lmoqda. Oramizda o‘zining ona shahri va odamlar taqdiriga befarq bo‘lmagan insonlar ko‘pligidan xursandmiz”, - deyiladi IIBB xabarida.

Mavzuga oid