Iqtisodiyot | 18:10 / 15.08.2018
39537
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda naqd pul hajmi ortmoqda

Foto: KUN.UZ

2018 yilning yanvar-iyun oylarida muomaladagi naqd pullar miqdori, pul aylanmasi tarkibidagi o‘zgarishlar hamda mavsumiy omillar ta'sirida shakllanib bordi. Bu haqda Markaziy bankning 2018 yil I yarim yilligi bo‘yicha naqd pul muomalasi sharhida aytiladi.

Xususan, joriy yilning I choragida muomaladagi naqd pullar hajmi 1,2 trln. so‘mga qisqargan bo‘lsa, II choragida 3,4 trln. so‘mgacha ortishi kuzatildi. Natijada, 2018 yilning I yarim yilligida naqd pul massasi 2,2 trln. so‘mga oshdi.

Naqd pulga bo‘lgan talabning o‘zgarishi asosan mavsumiy omillar bilan izohlanadi. 

Bunda mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmlarining asosan yilning ikkinchi va uchinchi choraklarida boshqa choraklarga nisbatan ko‘proq bo‘lishi va natijada, aholi tomonidan tijorat banklariga xorijiy valyutani sotish hajmlarining oshishi mos ravishda naqd pulga bo‘lgan talabning ortishiga olib kelmoqda.

Xususan, agar joriy yilning I choragida mamlakatimizga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali 950 mln. dollar miqdoridagi valyuta mablag‘lari kirib kelgan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 1,4 barobarga oshib 1 335 mln. dollarni tashkil etdi.

O‘z navbatida, tijorat banklari tomonidan I chorakda aholidan 420 mln. dollar miqdoridagi (3,4 trln. so‘m) xorijiy valyuta sotib olingan bo‘lsa, II chorakda ushbu ko‘rsatkich 2 barobarga oshib 868 mln. dollarni (6,9 trln. so‘m) tashkil etdi. 

Mazkur holat naqd pulga bo‘lgan 3,5 trln. so‘mlik qo‘shimcha talabni yuzaga keltirdi. Shu bilan birga, aholi tomonidan chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo‘lgan talabning oshishi milliy valyuta kursining joriy yil boshidan mustahkamlanib borishi bilan ham izohlanishi mumkin.

Shuningdek, aholining naqd pulga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida bankomatlar va terminallar tarmog‘i kengaytirilishi hisobiga plastik kartalardan naqd pullar yechib olish hajmlari oshdi.

Xususan, 2018 yilning II choragida aholi tomonidan plastik kartadagi mablag‘lar hisobidan naqd pul yechib olish hajmi I chorakdagi ko‘rsatkichdan 1,4 barobarga ortib, 2,2 trln. so‘mni tashkil qildi.

«Bu esa, aholi tomonidan savdo va pullik xizmatlar uchun to‘lovlarda naqd pullardan foydalanish darajasini oshishiga olib keldi», - deyiladi sharhda.

2018 yilning yanvar-iyun oylarida naqd pullarning bank kassalari orqali o‘rtacha oylik aylanmasi hajmi 11,7 trln. so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan (4,7 trln. so‘m) 2,5 barobarga oshishi kuzatildi.

«Umuman olganda, bank plastik kartalaridan naqd pulni yechib olish hajmlarining oshib borishi hamda savdo va xizmat ko‘rsatishdan tushgan tushumlar tarkibida naqd pullar ulushining ko‘payishi aholi uchun naqd pullarning qulay to‘lov vositasi bo‘lib qolayotganligidan dalolat beradi», - deya ta'kidlaydi Markaziy bank.

Jismoniy shaxslar plastik kartalaridagi mablag‘lari qoldig‘i 2018 yilning yanvar oyidagi 1,6 trln. so‘mdan 16 foizga oshib iyun oyida 1,8 trln. so‘mni tashkil etdi.

Bu o‘z navbatida, aholi tomonidan plastik kartochkalardagi mablag‘larni istalgan paytda bank xizmatlaridan foydalangan holda naqd shaklda hech qanday to‘siqlarsiz yechib olishga bo‘lgan ishonchining ortib borayotganligini va plastik karta hisobvaraqlarida bo‘sh pul mablag‘larini saqlashga qiziqishning ortayotganligi bilan izohlanishi mumkin.

Shu bilan birgalikda, pul-kredit sohasidagi amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar ta'sirida bank kassalari orqali naqd pullar aylanmasi hajmining ortib borishi kuzatilmoqda.

«Aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining naqd puldagi hisob-kitoblarini amalga oshirishlarida qulayliklar yaratish maqsadida yirik naqd pullarni muomalaga chiqarish asosan yirik nominaldagi banknotlar orqali amalga oshirilib, kichik nominaldagi banknotlar esa muomaladan bosqichma-bosqich bilan qaytarib olinmoqda», - deyiladi sharhda.

Jumladan, ushbu davrda muomalaga chiqarilgan naqd pullar (banklar kassalaridagi naqd pullarni hisobga olgan holda) hajmi 2,7 trln. so‘mga yoki 13,5 foizga oshgan bo‘lsa, muomaladagi banknotlar soni 568 mln. donaga yoki 7,5 foizga kamaydi.

2018 yilning I yarmida muomalada 1000 so‘mlik va undan kichik qiymatdagi banknotlar miqdori 582 mlrd. so‘mga kamaygan bo‘lsa, 5000 so‘mlik, 10 000 so‘mlik, 50 000 so‘mlik banknotlar miqdori 3,3 trln. so‘mga oshdi.
 
Ushbu davrda, muomalaga chiqarilgan banknotlar jami sonida 500 so‘mgacha bo‘lgan banknotlar ulushi 3,7 foiz bandga va 1000 so‘mlik banknotlar 1,0 foiz bandga kamaygan bo‘lsa, 5000 so‘mlik banknotlar – 2,6 foiz bandga, 10 000 so‘mlik – 1,4 foiz bandga va 50 000 so‘mlik – 0,7 foiz bandga oshdi.

Xabar qilinishicha, naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida, Markaziy bank kelgusida ham iqtisodiyotning naqd pulga bo‘lgan talabini to‘liq ta'minlagan holda, banknotlar nominal qatorini maqbullashtirish va yirik nominaldagi banknotlarni muomalaga chiqarish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib boradi.

Mavzuga oid