Jamiyat | 18:53 / 16.08.2018
6988
6 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etishdi

Respublika bojxonachilari tomonidan so‘nggi kunlarda narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga doir aniqlangan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha Kun.uz’ga Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi. 

Davlat bojxona qo‘mitasi. Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan navbatdagi keng qamrovli tezkor tadbir davomida narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkent shahri hududida kuzatuvga olingan fuqaro Sh.U. dastlab “shartli xaridorlar”ga sof vazni 3,42 gr. “gashish” giyohvandlik moddasini sotadi. Qonunbuzarlikni ildizi bilan bartaraf etish maqsadida arqonni uzun tashlagan bojxonachilar ko‘p o‘tmay ushbu shaxsning yana “shartli xaridorlar”ga ikki dona o‘ramdagi 7,57 gr. “gashish” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida jinoyat ustida fosh etishadi.

Tezkor tadbir davomida xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, fuqaro Sh.U.ning yonidan yana ikki dona o‘ramdagi 2,7 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlanadi.

Shundan so‘ng ushbu shaxsning xonadoni ham belgilangan tartibda va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda ham  0,51 gr. “gashish” narkotik moddasi saqlanayotganligi aniqlandi.

Xo‘sh, ushbu shaxsni narkotik moddalar bilan kim ta'minlab turgan edi? Tezkor tadbir davomida bu savolga ham javob topildi. Ushbu shaxs poytaxtlik M.D. bo‘lib chiqdi. U istiqomat qiluvchi xonadon ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda yetti dona o‘ramdagi 35,25 gr. “gashish” narkotik moddasi yashirincha saqlanayotganligi aniqlandi.

Shu tariqa yakuniga yetkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir davomida jami sof vazni 49,45 gr. og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yiladi.

Ushbu shaxslarning qilmishlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi. Xalqimizda nimaiki eksang, o‘shani o‘rasan degan naql bor. Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro T.A. ayni shu naqlni o‘zining yo‘rig‘iga yuritaman deb yanglishdi. Hovlisidagi tomorqasiga meva-cheva, sabzavot emas, og‘u urug‘ini qadadi. Va yakunda bu urug‘ning “hosili”ni ham oldi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Savay” temir yo‘l chegara bojxona posti hamda Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda ushbu shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 15 tup o‘tkir hidli, och yashil rangli “nasha” paravarishlanayotgani, 1,7 kg. marixuana esa quritish uchun yoyib qo‘yilganligi fosh bo‘ldi. Shuningdek, hovli so‘risidagi gilam ostida ham 0,48 gr. marixuana saqlanayotganligi ma'lum bo‘ldi va bularning barchasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “ a ” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Afsuslanarlisi shundaki, xatosidan o‘z vaqtida tegishli xulosa chiqarmagan ushbu shaxs muqaddam ham giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilib, 3 yilga ozodlikdan maxrum qilingan edi.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi. “Andarxon” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan ham mamlakatimizga giyohvandlik moddasini bojxona nazoratidan yashirib, qonunga xilof ravishda olib kirmoqchi bo‘lgan shaxsning qilmishini fosh etishdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Tojikiston Respublikasidan kirib kelgan fuqaro U.O boshqaruvidagi  “Damas” avtomashinasi belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina salonining turli joylariga 0,77 gr. o‘tkir hidli, ko‘kish rangli nasha giyohvandlik moddasi yashirilganligi fosh qilindi.

Shuningdek, mashinada giyohvandlik moddasini iste'mol qilishda foydalaniladigan angishvona, grammlarni o‘lchash uchun mo‘ljallangan kichik elektr tarozi va marixuanna urug‘lari borligi ham aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi. “Qoraqalpog‘iston” temir-yo‘l chegara bojxona postida narkotik moddalarning navbatdagi kontrabandasi fosh qilindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

“Beyneu-Nukus” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdini belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxonachilar vagonlarni tutashtiruvchi tarkibiy qismlardan birining ichiga 24,4 gr. og‘irlikdagi marixuana xufiyona tarzda yashirilganligini fosh qilishdi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov oldi harakatlari olib borilyapti.

Mavzuga oid