Light | 16:46 / 17.08.2018
30680
7 daqiqa o‘qiladi

Uyingizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan zaharli buyumlar

Ba'zilari shkafning orqa burchagida, boshqalari esa eng ko‘rinarli joyda turibdi.

Foto: Fotolia

1. Nafis hid purkagich (osvejitel)

Nima uchun xavfli?

Bunday maxsus purkagichlar xonadondagi yoqimsiz hidlardan xalos bo‘lishda yordam beradi. Odatda ulardan havo yaxshi aylanmaydigan joylar - yuvinish xonasi yoki hojatxonada foydalanamiz. Bu esa unchalik to‘g‘ri emas. Purkagichlar tarkibida –hid uzoq saqlanishi va materialga egiluvchanlik berish uchun kimyoviy qo‘shimcha – ftalatlar bo‘ladi.

Bu moddalar organizmdagi gormonlar darajasiga ta'sir qiladi: erkaklarda testosteronning pasayishini yuzaga keltiradi va reproduktiv tizim faoliyatining buzilishiga olib keladi.

Purkagichdan yopiq xonada foydalanganingizda vositaning bir qismi teriga “o‘tirib qoladi” va havo bilan ichkariga tushadi. U bilan organizmga zaharli moddalar singadi.

Nima qilish kerak?

Yoqimsiz hidga chidash – yaxshi usul emas. O‘z qo‘lingiz bilan tabiiy komponentlardan purkagich tayyorlashga harakat qiling.

100 ml purkagich uchun sizga:

15-20 tomchi siz xush ko‘radigan efir moyi (bir necha xilini aralashtirishingiz mumkin);

1 choy qoshiq spirt;

purkagichli idish;

distillangan suv.

Idishga moy va spirtni qo‘shing va ehtiyotkorlik bilan aylana harakatlar yordamida aralashtiring. Ustiga suv quying, purkagichli qopqoqni mahkamlab yoping va chayqating. Tayyor!

2. Kuyaga qarshi sharchalar

Nima uchun xavfli?

Kuya kiyimlarni yeb qo‘ymasligi uchun shkafga maxsus sharchalar solib qo‘yiladi.

Ular tarkibida nafaqat hashorat, balki inson uchun ham zararli bo‘lgan moddalar - naftalin yoki paradixlorbenzolkabi faol moddalar mavjud.

Kantserogen deya tan olingan naftalin yoki paradixlorbenzol bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, diareya va teridagi qichishishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Sharchalarning yana bir xavfli jihati – bolalar ularni konfet deb o‘ylab, yeb ko‘rishlari mumkin.

Nima qilish kerak?

Yaqin oylar davomida kiyishni rejalashtirmayotgan kiyimlaringizni germetik g‘ilofga soling.

Shkafni doimiy ravishda tartibga keltiring: barcha burchaklarini changyutgich bilan tozalang, chang, soch tolalarini olib tashlang.

Foto: Unsplash

3. DSPdan ishlangan mebel

Nima uchun xavfli?

Sifatsiz materiallardan tayyorlangan arzon mebel tarkibida inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan kanserogen – formaldegid bo‘lishi mumkin. Bunday moddalarga o‘ta ta'sirchan odamlarda ko‘zlar, burun yoki tomoqning achishishi, ko‘ngil aynishi va terida qichishish kuzatilishi mumkin.

Nima qilish kerak?

Ishlab chiqaruvchi mamlakat sifat standartini o‘rganing va uning sertifikatlari bilan tanishing. Tashqi ko‘rinish va hidiga e'tibor bering: yangi divan yoki stolning burunni achishtiradigan keskin hidi – befarq bo‘lmaslikni talab etadigan belgi.

4. Kassa cheklari

Nima uchun xavfli?

Har bir xariddan so‘ng do‘konlarda beriladigan cheklarning ko‘pchiligi termoqog‘ozga chiqariladi. Uning tarkibida bisfenol A (BPA) mavjud.

BPA in Receipts  A — endokrin tizimi, qalqonsimon bez va reproduktiv tizimga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan kimyoviy modda.

U teri bilan kontakt qilish orqali organizmga singadi. Chekni qo‘lingizga olganingizda esa buni chetlab o‘tishning imkoni yo‘q.

Bugun ko‘plab mamlakatlar moddani ma'n etilganlar ro‘yxatiga kiritgan, ishlab chiqaruvchilar ekologlar fikriga qo‘shilib, undan foydalanishni minimum ko‘rsatkichga yetkazishga harakat qilayotgan bo‘lsalar-da, bisfenol A hali ham plastik butilka va idishlar tarkibida uchramoqda.

Nima qilish kerak?

Qog‘oz cheklarni olmang va bir oy davomida mahsulotlarga qancha pul sarflanganini bilish uchun ularni uyda to‘plamang. Bugun amalga oshirilgan barcha operatsiyalarni smartfon orqali kuzatish mumkin.

Foto: Unsplash

5. Batareyalar

Nima uchun xavfli?

Ishlatish uchun yaroqli yangi batareya va akkumulyatorlardan to‘g‘ri foydalanilganida zarar keltirmaydi. Gap uzoq muddatli istiqbol haqida. Batareya va akkumulyatorlar tarkibidagi qo‘rg‘oshin va kadmiy buyrak, jigar va odam asab tizimiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, kadmiy kanserogen deya tan olingan.

Shkafning orqa burchagida anchadan beri qolib ketgan batareya korroziyaga uchraydi. Uning korpusi shikastlanadi, zaharli moddalar esa “ozodlikka chiqadi”.

Nima qilish kerak?

Foydalanilgan batareyka va akkumulyatorlarni ishdan chiqqan zahoti utilizatsiyaga topshiring. Yillab foydalanmayotgan gadjyetlar ichida ularni saqlamang. Yaroqsiz batareyalarni sizga yaqin joylashgan chiqindilarni yig‘ish punktiga topshiring.

6. Quyoshga qarshi moddalar

Nima uchun xavfli?

Barchasi emas, tarkibida oksibenzon bo‘lganlari. Olimlar modda organizmda to‘planib, endokrin tizimiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini aniqlashgan.

Bundan tashqari, terimizdagi himoya qiluvchi krem bilan suvga tushib, oksibenzon korallarni o‘ldiradi, DNK molekulalari lichinka davrida ulardagi o‘zgarishlarni yuzaga keltirib, zararlaydi. Moddaning eng ko‘p miqdori sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan joylarda kuzatilgan.

Nima qilish kerak?

Quyoshga qarshi vositalar tarkibini diqqat bilan o‘qing va tarkibida faol komponentlar sifatida rux oksidi va titan dioksidi bo‘lganlarni tanlang.

Foto: Fotolia

7. Plastik idishlar

Nima uchun xavfli?

Plastik idish tarkibida bizga tanish bo‘lgan ftalatlar va bisfenol A bo‘lishi mumkin. Xavfli moddalar organizmga bunday idishlarda saqlanadigan mahsulotlar orqali singishi mumkin. Ishlab chiqaruvchilar bisfenol A dan xalos bo‘lib, uni boshqa komponentlarga almashtirishmoqda. Biroq olimlar yangi moddalarning zarari ham kam emas, deya xavfsiramoqdalar.

Nima qilish kerak?

Amerika pediatriya akademiyasi 03, 06 va 07 markirovkali plastik idish va o‘ramlarni “chetlab o‘tishni” tavsiya qilishmoqda.

Ularni qisman shisha va metall idishlarga almashtirish mumkin. Masalan, taom uchun konteynerlar, taxtakach, oshxona belkuraklari.

Afsuski, bizni juda ko‘p zaharli va zararli buyumlar o‘rab turibdi. Ularning ta'siri hozir sezilmasa-da, kelajakda salomatligimizga salbiy oqibatlar keltirishi mumkin. Qattiq xavotirga tushish kerak emas, bari bizning qo‘limizda. Agar ba'zi zararli moddalardan o‘zimizni himoya qilish imkoniyati mavjud bo‘lsa, undan unumli foydalanish zarur.

Mavzuga oid