Iqtisodiyot | 11:52 / 17.08.2018
14450
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zeltexsanoat” AK “SINO” zavodi kasodga uchraganiga doir xabarga izoh berdi

Foto: photo.qip.ru

«O‘zeltexsanoat» AK rahbariyati Samarqanddagi “Sino” zavodining bankrot deb e'lon qilinganligi to‘g‘risidagi internet nashrlari orqali keng muhokama qilinayotgan axborotning noto‘g‘ri talqini borasida o‘z munosabatini bildirib, ushbu holat yuzasidan Kun.Uz’ga izoh berdi.

“Ma'lumki, Samarqand shahar iqtisodiy sudi tomonidan 2018 yil 7 avgustda “Sino” AJning arizasini qabul qilish, bankrotlik ishini qo‘zg‘atish hamda “Sino” AJda kuzatuv jarayonini joriy etish to‘g‘risida ajrim qabul qilingan. Biroq “bankrotlik ishi qo‘zg‘atish” – bu “bankrot” deb e'lon qilish degani emas.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasiga asosan Qarzdor yuridik shaxsning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda quyidagi taomillar qo‘llaniladi, deb ko‘rsatilgan: kuzatuv, sud sanatsiyasi, kelishuv bitimi, tashqi boshqaruv, tugatishga doir ish yuritish.

Ushbu Qonunning 75-moddasi talablariga ko‘ra, “Sino” AJda joriy etilgan kuzatuv jarayoni tugatilgandan so‘ng, iqtisodiy sud qarzdorni “bankrot” deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi yoki sud sanatsiyasini yoxud tashqi boshqaruvni joriy etish haqida ajrim chiqaradi yoki kelishuv bitimini tasdiqlaydi va bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatishi mumkin.

Aytib o‘tish lozimki, mazkur qonun doirasida qarzdorni bankrot deb e'lon qilishdan oldin uning mulkiy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda kelgusida barqaror ishlab ketishi uchun sud sanatsiyasi, kelishuv bitimi va tashqi boshqaruv taomillari mavjud bo‘lib, ulardan qaysi birini “Sino” AJga nisbatan qo‘llash faqatgina sud va kreditorlar tomonidan hal qilinadi.

Shuningdek, Qonunning 51-moddasiga ko‘ra, faqatgina sud sanatsiyasini, tashqi boshqaruvni joriy etish, kelishuv bitimini tasdiqlash yoki bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish uchun asoslar bo‘lmagan taqdirda, iqtisodiy sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilinadi.

Biroq, “Sino” AJda endigina kuzatuv taomili joriy etilganligini inobatga olib, hali ushbu korxona “bankrot” deb e'lon qilindi, deyishga hech qanday asoslar mavjud emas”, - deyiladi izohda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 16 avgustda 1973 yilda tashkil etilgan “Sino” zavodining kasodga uchragani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid