O‘zbekiston | 17:51 / 18.08.2018
10395
2 daqiqa o‘qiladi

IIV birdaniga uch viloyatda maxsus-taktik o‘quv mashqlar o‘tkazdi

Ichki ishlar organlaridagi kuch va vositalar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda xodimlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, hududiy mudofaani ta'minlash, jinoyatlar va huquqbuzarliklarni oldini olish, fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlashni tashkillashtirish maqsadida, shu kunlarda qo‘mondonlik-shtab va maxsus-taktik o‘quv mashqlari Toshkent, Namangan, Samarqand viloyatlarida o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bunda avtoulovlarni olib qochib o‘g‘irlik, haydovchilarga va inkassatorlarga nisbatan hujum qilib bosqinchilik sodir etgan shaxslarni qidirish va ushlash bo‘yicha izlov-to‘siq tadbirlari, jinoyatchilarni qo‘lga olish va ularni zararsizlantirish hamda ular tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish tadbirlari, ommaviy tartibbuzarliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar mashq qilindi.

Mashqlarda asosiy e'tibor ichki ishlar boshqaruv organlari va shaxsiy tarkibning o‘zaro hamkorligini tashkil qilishga, to‘plangan tajribani mustahkamlashga, maxsus-tezkor rejalarda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish metodikasi va turli modellarni o‘zlashtirishga, mintaqamiz sharoitida maxsus jangovar operatsiyalar o‘tkazish tajribasini oshirishga, bunday operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha asosiy prinsiplar va metodlarga oid bilimlarni takomillashtirishga, rahbarlar tarkibida ekstremal va murakkab sharoitlarda zudlik bilan to‘g‘ri qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini hosil qilishiga qaratildi.

Mavzuga oid