O‘zbekiston | 17:09 / 23.08.2018
9129
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya kompaniyasi O‘zbekistonda atom energetikasi rivojiga ko‘maklashadi

Fransiyaning Groupe CIFAL kompaniyasi O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirishga ko‘mak beradi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” kanali “Tahlilnoma” ko‘rsatuvida xabar qilingan.
 
Xorij kompaniyasi atom energetikasi sohasi bo‘yicha o‘zining texnologik yechimi va mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirib o‘tgan.

CIFAL Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi bilan O‘zbekistonda atom stansiyasi qurish uchun texnik, savdo va moliyaviy muzokaralar olib borishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kompaniya AESni qurish uchun uskunalar yetkazib berishga tayyor. 

Rossiya yurtimizda “3+” VVER-1200  zamonaviy avlod stansiyalarini qurishni taklif qilmoqda. “Rosatom”ning Bangladeshdagi xuddi shunday stansiyani qurish loyihasi taxminan 13 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilmoqda. Uning 11.3 mlrd. dollari Rossiya tomonidan davlat eksport krediti sifatida taqdim etilgan. 

AESning qurilishi 3.7 mlrd. kubometr tabiiy gazni tejaydi. Shu bilan birga, atmosferaga chiqadigan tabiiy gazdan hosil qilingan uglerod monoksit miqdori yiliga 3 mln. tonnaga kamayadi. 

O‘zbekiston hukumati Rossiyaga AES qurish uchun 10 ta maydonni ko‘rsatdi. Bular energiya tizimining markaziy (Toshkent viloyati) va sharqiy (Farg‘ona vodiysi) qismlari, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo hududlaridir. 

“Rosatom” boshlig‘i Aleksey Lixachyov Toshkentga kelganida AES Navoiy viloyatida qurilishini aytdi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid