O‘zbekiston | 20:10 / 24.08.2018
12343
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Fransiya universitetlaridan birining filiali ochilishi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyada Parij Akademiyasi rektori, Il-de-Frans Akademik mintaqasi vaziri J.Peko bilan uchrashdi. KUN.UZ hukumatdagi manbasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Muzokaralar davomida o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta'lim yo‘nalishidagi hamkorlik, O‘zbekistonda Fransiya oliy ta'lim muassasalari filialini ochish, shuningdek shartnoma-huquqiy bazasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakat ta'lim vazirliklari o‘rtasida hamkorlikka doir yangi bitim va dasturlar imzolanishiga kelishildi.

J.Peko O‘zbekiston ta'lim tizimidagi muvaffaqiyatli islohotlarni diqqat bilan kuzatayotganini alohida ta'kidlab, mamlakat rahbariyatiga fransuz tili va madaniyati targ‘iboti masalasiga bo‘lgan yuqori e'tibor uchun minnatdorchilik bildirdi.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida Fransiya universitetlaridan birining filialini ochish, O‘zbekistonda ikki mamlakat Oliygohlar rektorlarining birinchi sammitini o‘tkazish, qo‘shma fakultet va kafedralarni ta'sis etish, shuningdek pedagog va talabalar almashuvi borasida kelishuvga erishildi.

Eng avvalo turizm va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadlarida tomonlar yaqin orada Parij Akademiyasi va O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘rtasida 2019-2021 yillar uchun maqsadli Hamkorlik dasturini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Akademiya vakili shuningdek O‘zbekiston Madaniyat vazirligi qoshida Frantsuz madaniyat markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ishtirok etish istagini bildirdi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida 2018 yilning sentabrida O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashrif davomida fransuz oshxonasi va mehmonxona-restoran biznesining maxsus taqdimoti tashkil qilinadi.

Mavzuga oid