O‘zbekiston | 17:41 / 28.08.2018
8405
2 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofoti laureati O‘zbekistonga kelyapti 

Foto: Intercontinental Academia

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tashabbusi bilan yaponiyalik mashhur olim, Nobel mukofoti laureati Ryodzi Noyori shu yilning 28-31 avgust kunlari Yaponiyaning Nagoya universiteti prezidenti Matsuo Seyiti rahbarligidagi delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

Ryodzi Noyorining O‘zbekistonga tashrifi ilm-fan hayotidagi muhim voqea sanalib, u Xalqaro Nobel fondi bilan kelishgan holda tashkil etilmoqda. Bu esa nufuzli Xalqaro tashkilot tomonidan mamlakatimizning jahon ilmi-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasining tan olinishi hamda bugungi kunda yurtimizda ilmiy salohiyatni rivojlantirishga bo‘lgan munosabatning e'tirofidir.

Delegatsiya a'zolarining bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Fanlar Akademiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida Ryodzi Noyori o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar, olimlar bilan uchrashadi, ular uchun ma'ruza qiladi. Nagoya universiteti delegatsiyasi a'zolari ishtirokida o‘zbek-yapon ilmiy simpoziumi, davra suhbati, Samarqandga tashrif ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid