O‘zbekiston | 02:43 / 29.08.2018
11872
2 daqiqa o‘qiladi

Universitet bo‘lajak jurnalistlarni kutib olishga tayyorlanmoqda

​Joriy yilning 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tavsiyasi asosida Universitetning tegishli ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlarni oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasb layoqatini aniqlashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon (yozma va suhbat shaklida) o‘tkazish orqali amalga oshirildi. 

​2018-2019 o‘quv yili uchun belgilangan qabul kvotasiga asosan, universitet sirtqi bo‘limiga 2ta yo‘nalish: Teleradiojurnalistika va Bosma OAV jurnalistikasi bo‘yicha 50 (30 nafar o‘zbek, 20 nafar rus guruhlariga) o‘rin ajratilgan. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti qabul komissiyasi sirtqi bo‘limda o‘qish istagini bildirgan 190 abituriyentdan hujjat qabul qilgan.

Sirtqi bo‘lim abituriyentlari 17 avgust kuni 2ta fan: o‘zbek tili va adabiyoti hamda chet tillaridan test sinovlarini topshirishdi.  Sirtqi bo‘lim uchun imtihonlar ijodiy va test sinovlaridan iborat bo‘lib, ijodiy imtihonning birinchi bosqichi - suhbat hisoblanadi.

 

Ayni paytda universitet bo‘lajak talabalarni qabul qilib olishga tayyorlanmoqda. Uning kampusida (hovli) «​Oltin qalam»​ni eslatib turuvchi monument va talabalar kovorking markazi mavjud. Shuningdek, universitet hududida ochiq osmon ostidagi yozgi kinoteatr ham barpo etilgan. Dars xonalari uchun mo‘ljallangan sinflarda 15 kishiga moslab joylashtirilgan yakka partalar, yozuv taxtasi o‘rniga esa zamonaviy va keng monitor-TV o‘rnatilgan.

Mavzuga oid