Jamiyat | 19:00 / 03.09.2018
15439
4 daqiqa o‘qiladi

«Onam borligida oyoqqa turib olishim kerak». Sevara yordamga muhtoj

Biz yashab turgan dunyo besh kunlik dunyo. Buni olamdan o‘tib ketgan faylasuflar avvaliga so‘zlari bilan, keyin o‘z umrlari bilan isbotlagan. Ba'zan bir umr yashaydigandek yashaymiz. Yerdagi asosiy funksiyamizni unutib qo‘yamiz. Dunyo ishlariga sho‘ng‘ib ketamiz. Ozgina g‘am kelsa ham sabrsizlik ila noshukrlik qilamiz. Lekin kurrai zaminimizda shunday insonlar borki, ular dard bilan tug‘iladi, dard bilan yashaydi. Ozgina tuzalishga umid paydo bo‘lsa, ular uchun bu katta baxt hisoblanadi.

Kun.uz jamoasi imkon qadar xayriya aksiyalarini uyushtirib turadi. Shunday murojaatlardan biri Namangan viloyati Norin tumanidan kelgan. Norin tumani Furqat MFY Furqat ko‘chasi 40 uyda 1988 yilda tug‘ilgan Atabayeva Sevara istiqomat qiladi. Sevaraning holidan xabar olish maqsadida u yerga bordik. Uning yaqinlari bilan suhbatlashdik. 

Onasi Madina Isayevaning aytishicha, qizi Sevara biologik sabablar bo‘lib  muddatidan avval dunyoga kelgan. Shu sababli u tug‘ma nogiron sifatida davlat ro‘yxatiga olinadi. Unga bolalar falaji — nerv sistemasining turli zararlanishlari oqibatida ro‘y beradigan va reflektor-harakat faoliyatining, ba'zan ruhiyat va nutqning buzilishi bilan kechadigan kasalliklar guruhi tashhisi qo‘yiladi. Sevara 8 yoshigacha umuman yurmaydi. Maktabga ham bora olmaydi. O‘rtoqlari qatori yurishni xohlagan qizaloq 8 yoshdan asta-sekin yurishni boshlaydi. Lekin oyoqlarini sudrab yurishga majbur bo‘ladi. Keyinroq bunday harakatlanish umumiy holsizlikka, o‘tirib turish va uzoq masofaga yurolmaslikka, toliqishga olib keladi. 2012 yilda Namangan viloyati Uychi tuman markaziy shifoxonasida ikkala chanoq son bo‘g‘imi va ikkala boldir oshiq bo‘g‘imini plastikalash amaliyoti o‘tkazildi. Andijon shahrida 2013 yil chap tizza bo‘g‘imini va 2014 yilda o‘ng tizza bo‘g‘imini plastikalash amaliyoti o‘tkaziladi. Biroq bemor to‘liq tuzalmaydi. Yurganda uning tizzalari bir-biriga ishqalanib yara hosil bo‘ladi. Yaqinda Namangan shahriga Hindistondan mutaxassislar kelgan. U shifokorlar qabulida bo‘lgan. Shifokorlar umid borligini aytishgan. Faqat mazkur operatsiya Hindistonda o‘tkaziladi. Buning uchun 10 ming AQSh dollari kerak bo‘lib turibdi.

Sevara otasidan erta ajragan. Hayotda juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan. Hozirda onasi borligida o‘zini hayotga tayyorlab qo‘yishni maqsad qilgan. Orzulari juda ko‘p. Barchaga yordam berishni asosiy maqsadi deb biladi. Barcha qatori yurishni istaydi. Uy-joylar qurib baxtli yashashni xohlaydi.

Azizlar kelinglar! Mana shu singlimizdan yordamimizni ayamaylik. Hech bo‘lmasa qo‘llarimizni ochib duo qilib turaylik. Zero yordamlarimiz bilan shifo topsa. Uning oyoqlari tuzalib yurib ketsa. Dunyosi butunlay o‘zgarsa. Axir bir kishiga yordam berib dunyoni o‘zgartira olmaysan. Lekin o‘sha insonning dunyosini o‘zgartirishing mumkin deb bekorga aytishmaydiku.

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun:

Click/PayMe: 8600 0423 0362 2780 (Agrobank)

Visa: 4187 8200 0013 6703 (Agrobank VISA CARD)

Telefon: +998 (94) 902-03-88 Madina Isayeva (bemorning onasi)

Mavzuga oid