Jahon | 16:47 / 04.09.2018
8983
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Pokistonga pul berishdan bosh tortdi

Foto: Fayaz Aziz / Reuters

AQSh Pokistonga terrorizmga qarshi kurash uchun navbatdagi 300 million dollarni bermaydi, deya xabar qilmoqda ABC News. Pentagonning fikriga ko‘ra, mamlakat moliyaviy yordamdan samarali foydalanmayapti.

Mahkama vakili Kol Folknerning ma'lum qilishicha, «AQShning Janubiy Osiyo strategiyasini qo‘llab-quvvatlashdagi qat'iy harakatlari yetishmasligi» tufayli Islomobod belgilangan miqdordagi mablag‘ni olmaydi.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qureshining ma'lum qilishicha, pullar «yordam yoki qo‘llab-quvvatlash» bo‘lmagan, balki Pentagon so‘ragan harbiy operatsiyalar xarajatlarini qoplagani, deb yozmoqda Al Jazeera.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar «deyarli mavjud emas», ammo hamkorlikni tiklashga umid bor. Bu AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo va Qo‘shma Shtatlar yetakchisining bosh harbiy maslahatchisi Jozef Danfordning 6 sentabr kungi tashrifi vaqtida ro‘y berishi mumkin. Ular Islomobodga yangi saylangan hukumat bilan muzokara olib borish uchun kelishadi.

«Kommersant'»ning ta'kidlashicha, Vashington Islomobod Xitoydan kredit olgani uchun ham tashvishlanmoqda, chunki davlatlar «Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi» strategiyasini birgalikda amalga oshirmoqdalar. «Xitoyga qarzlarni to‘lash uchun AQSh soliq to‘lovchilarining pullarini ishlatishga hech qanday sabab yo‘q», - deya ma'lum qildi AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo.

O‘tgan 15 yil davomida AQSh Pokistonga yordam berish uchun 33 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarfladi, ammo AQSh prezidenti Donald Tramp yanvar oyida yozishicha, Vashington «faqat yolg‘on va xiyonatni javoban qabul qilib oldi». Ayni paytda u Islomobodni afg‘on jangarilariga boshpana berishda aybladi. Mamlakat hukumati ayblovlarni rad etmoqda.

Mavzuga oid