Jamiyat | 14:16 / 04.09.2018
37199
5 daqiqa o‘qiladi

Dardga to‘lgan chekka bir qishloq. Namanganda xalq davlat tashkilotlaridan rozimi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017 yilning iyul oyida Namangan viloyatiga tashrif buyurgandi. 

Shu kuni mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, infratuzilmani rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta'minlash va turmush darajasini yanada oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratish vazifalari rahbarlarga yuklatildi. 

Yaqinda kun.uz nashriyotimizga Namangan viloyati Namangan tumanida yashovchi bir necha fuqarolardan arzirli murojaatlar kelib tushdi. Borib o‘rgandik. Ular bilan suhbatlashib, muammo nimada ekaniga aniqlik kiritishga harakat qildik. 

Muammoga to‘xtaladigan bo‘lsak, Namangan tumanida 400 yillik tarixga ega bo‘lgan «Qo‘rg‘oncha» qishlog‘i bo‘lgan. Shu qishloq nomi qishloq aholisi roziligi so‘ralmasdan boshqa nomga o‘zgartirilgan. Endilikda «Qurama» deb atala boshlangan. «Qurama» aslida qo‘shni qishloq bo‘lgan. Hududi jihatidan ham «Qo‘rg‘oncha» qishlog‘idan kichik bo‘lgan. Lekin shunga qaramay qishloq nomi va hududi boshqa qishloqqa qo‘shib yuborilgan. Qishloq aholisi juda norozi. Qaysi tashkilotga borsa, hujjatlarda chalkashlik kuchayib ketgan. Barcha mavjud hujjatlar o‘zgartirilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Muammoga yechim so‘rab qishloq aholisi bir necha bor tuman, viloyat hokimligi, prokuratura organi va boshqa tashkilotlarga murojaat qilgan. Shunday bo‘lsa ham, murojaatlar javobsiz qoldirilgan. Qishloq aholisi shunchaki qishloq nomi eskisiga qaytishini istaydi. 

Undan keyingi muammo qishloq 15 yildan beri gazsiz yashab kelmoqda. Qishdan chiqib olish ular uchun baxt. Qish yaqinlashdimi o‘tin g‘amlash boshlanadi. Puli borlar ko‘mir, o‘tin sotib oladi. Yoki bo‘lmasa suyultirilgan gaz yoqadi. Puli ro‘zg‘ordan ortmaydigan aholi esa hayvonlarning tezaklarini suvga uyutib, loylab, quritadi. Qishda esa pechkaga solib yoqadi. Uyini isitish uchun, jon saqlash uchun. «Sassiqku, lekin jidaymiz. Boshqa iloji yo‘q. Bola-chaqamiz bor», - deydi qishloq faollaridan biri. 

Qishloqda yana bir katta muammo mavjud. Axlat muammosi. Alohida axlat tashlaydigan joy mavjud emas. Aholi axlatni suv atrofiga olib chiqib tashlaydi. Xalq hasharini o‘tkazish uchun hali mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud emas. Unga alohida bino ham yo‘q. Qishloq o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Axlatlar nafaqat qishloq atrofida, balki katta yo‘l bo‘ylarida ham uchrab turadi. Umumiy xulosa qilib shuni aytish mumkinki, qishloqda obodonlashtirish, aholini rozi qilish ishlari amalga oshirilmay kelmoqda. Insonlar davlat tashkilotlarining  e'tiborsizligi, loqaydligidan juda norozi.

Xalq dardlarini eshitgandan so‘ng, izoh olish maqsadida tuman hokimiyatiga bordik. U yerda tuman hokimi yordamchisiga bog‘landik. Tuman hokimi Shuxrat Davranov «Obod mahalla» dasturi doirasida qurilishni nazorat qilish bilan  band ekanligini, binoga yaqin musiqa maktabida uning aynan shu masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari aholi bilan yig‘ilish o‘tkazayotganini aytishdi. Hokim o‘rinbosarlari bilan gaplashib mavjud barcha muammolarni aytdik. Qishloqning nomi masalasida shu yilning sentabr oyida uning nomi qayta tashkil etilib qaytarilishini aytishdi. Qolgan masalalar haqida tuman hokimiga albatta xabar berishini aytib o‘tdi.

Barcha islohotlar markazida inson omili yotadi. Insonlarning yaxshi yashashi davlatning asosiy maqsadiga aylanadi. Xalqni maksimal darajada rozi qilishni davlat o‘zining funksiyalaridan biri deb hisoblaydi. Biz shu yo‘lni tanlagan ekanmiz har bir fuqaroning murojaati e'tibordan chetda qolmasligi kerak. Yo‘lga chiqdikmi, demak oxirigacha harakat qilishimiz kerak. Umid qilamizki, joylardagi tuman hokimliklari ham buni to‘liq anglagan holda, fuqarolarga optimal darajada yordam berishga harakat qiladi. Shu o‘rinda Namangan tuman hokimligi ham «Qo‘rg‘oncha» qishlog‘i muammolarini ijobiy hal etilishiga harakat qiladi. Mutasaddi tashkilot xodimlari amaliy yordamini qizg‘onmaydi. Ularni rozi qiladi. Barcha muammolar bartaraf etiladi. Axir, asosiy maqsad aholi hayotini hamma tomonlama yaxshilashga qaratilgan emasmi!?

Mavzuga oid