Jahon | 23:54 / 06.09.2018
22643
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda ilk estakada ochildi

5 sentabrda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va uning o‘g‘li, Dushanbe shahri raisi Rustami Imomali shaharning 82-mikrotumanida mamlakatdagi ilk estakadaning ochilishi marosimida ishtirok etishdi. Estakada “Dushanbe-Tursunzoda yo‘li, Sino va Ismoil Somoniy ko‘chalari kesishmasidan Dushanbening g‘arbiy darvozalarigacha bo‘lgan yo‘l qismi holatini yaxshilash” loyihasi doirasida barpo etildi.

Uch qavatli estakada qurilishi 2016 yil 22 iyulda boshlangan. Obekt Tojikiston mustaqilligining 27 yilligi nishonlanishi arafasida foydalanishga topshirildi.

Yangi estakada uch qavatdan iborat bo‘lib, uning 2-qavatida aylanma harakat yo‘lga qo‘yilgan. 3-qavatida sharqdan g‘arbga tomon uzunligi 125 metr va eni 24,8 metr keladigan ko‘prik qurilgan. 

Estakada qurilishi loyihasiga ko‘ra, umumiy uzunligi 236 metrlik 4 ta yer osti o‘tish joyi barpo etilgan.

Ma'lum qilinishicha, shu kungacha Tojikistondagi yo‘llar uchun katta va kichik donador asfalt ishlab chiqarilgan va qo‘llangan. Yangi estakadaning barcha qismlari esa yo‘lni ishqalanishga bardoshli va mustahkam qiladigan kimyoviy modda qo‘shilgan zamonaviy asfalt turi bilan qoplangan.

Mutasaddi shaxslarning ta'kidlashicha, ushbu asfalt turi respublikada birinchi marotaba qo‘llangan va qolgan turdagilariga nisbatan 4-5 yil ko‘proq xizmat qiladi. Loyiha Tojikiston hukumatining Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligida amalga oshirilgan. Loyiha doirasida uzunligi 730 metrlik yuqori voltli tunnel ham qurilgan. 

Qurilishni Xitoyning “Sintszyan-Beysin” korporatsiyasi olib borgan, qurilish sifatini Hindistonning “SAI” firmasi nazorat qilgan.

Transport vositalarining 3-qavatli yo‘ldagi harakati yo‘l belgilari va plakatlar yordamida tartibga solinadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid