O‘zbekiston | 14:40 / 07.09.2018
14897
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiyaliklar Toshkentda mehmonxona qurishlari mumkin

Foto: O‘zA

Toshkent xalqaro aeroportiga tutashgan 1,5 ga hududda Saudiya Arabistonining “Silk Valley commercial services LTD” investori tomonidan 4 yulduzli mehmonxona, rezidents-otel, biznes markazi, savdo, fitnes va yengil turdagi qahvaxonalar qurish bo‘yicha loyiha taklif etildi, deb yozmoqda O‘zA.

Ushbu loyiha taklifi Toshkent shahar hokimiyatida o‘tgan “ochiq eshiklar kuni” tadbirida muhokama qilindi. 

Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev investorga Toshkent shahar, Sergeli tumani Bobur ko‘chasi, Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportiga tutash hududdan 1,5 ga yer ajratilishi uchun investor mazkur tumanda 380 o‘rinlik bolalar bog‘chasi qurib berishi kerakligi va O‘zbekistonda hisob-raqam ochib, unga 1 mln. AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i qo‘yishi lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish uchun investorlar tomonidan ajratilayotgan mablag‘ biroz kamligini aytib o‘tdi hamda loyiha doirasida mazkur hududda avtomobillar uchun ko‘p qavatli turargoh qurilishi ham ko‘zda tutilishi kerakligi aytildi. 

J. Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hududda mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlarini qurish loyihasi avvaliga konkurs asosida mahalliy tadbirkorlar uchun ham taklif etiladi. Talabgorlar maxsus komissiya tomonidan o‘rganilib chiqilgach, yer hududi investor yoki mahalliy tadbirkorlar uchun ajratib beriladi. 

“Toshkentning markaziy va daromadli biznes qilish imkoniyati bor hududlarini barcha chet ellik investorlarga berib yuborish ham o‘rinli emas. Biz avval mazkur joylarga o‘zimizdagi mahalliy tadbirkorlarda ham talab bor-yo‘qligini o‘rganishimiz lozim. Ularga ham imkoniyat berilishi shart”, deydi Toshkent shahar hokimi v.b. 

Mavzuga oid