O‘zbekiston | 19:45 / 10.09.2018
7320
3 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi va Shanxay ayollar federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi

10 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva hamda Shanxay ayollar federatsiyasi rahbari Lyu Tsi o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. «Kun.uz» muxbiri xabar berishicha, tomonlar xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy hayotda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlarida ko‘mak berish, bandlik darajasini oshirish, tadbirkorlik masalalarini birgalikda samarali hal etish, o‘zaro tajriba almashish va boshqa qator mavzularda suhbat olib borishdi.

«Yurtimizda xotin-qizlar masalalariga yaqin yillar ichida juda katta e'tibor berib kelinmoqda. Ayollarga moddiy jihatdan ko‘maklashish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborganmiz. Viloyat, tuman xotin-qizlar qo‘mitalari qoshida ijtimoiy fondlar tashkil etildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ayollarga mikrokreditlar ajratilyapti. Ularni rag‘batlantirish maqsadida «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofoti, «Muqaddas ayol» mukofotlari ta'sis etildi. Sog‘liqni saqlash sohasidagi natijalarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, tug‘ruq vaqtida onalar o‘limi keskin kamaydi. Ayni paytda bizning eng katta vazifalarimizdan biri xotin-qizlar bandligini ta'minlashdir. Bu borada hamkorlik qilishdan mamnunmiz», degan Tanzila Norboyeva.

Tashrif chog‘ida Shanxay ayollar federatsiyasi raisi Lyu Tsi Xitoyda xotin-qizlar va bolalar himoyasi haqida nutq so‘zlagan.

«Oxirgi ikki yilda Xitoyda xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha konsepsiya o‘zgardi. Birgina Shanxaydagi vaziyat to‘g‘risida aytadigan bo‘lsak, u yerda 800 ming oila bor. Biz har bir oiladagi xotin-qizlar va bolalar bilan alohida shug‘ullanishga harakat qilyapmiz. Bolalar va xotin-qizlarni himoya qilishga qaratilgan 5 yillik dasturiy reja ishlab chiqdik. Shuningdek, ayollar savodxonligini oshirish borasida ish olib bormoqdamiz», degan u.

Shu bilan bir qatorda, Tanzila Norboyeva Xitoy delegatsiyasiga o‘zaro hamkorlikda ayollar sport musobaqalari, ilmiy konferensiya, madaniy tadbirlar o‘tkazish, bolalar uchun Xitoy va O‘zbekistonda oromgohlarni tashkil etish, ikki millat olima xotin-qizlarining fan yo‘nalishida doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qancha takliflar bilan chiqqan.

Rasmiy tashrif doirasida Shanxay ayollar delegatsiyasi Toshkent shahar hokimligi, Toshkent viloyati ijtimoiy moslashuv markazi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasiga ham borishi kutilmoqda.

Mavzuga oid