O‘zbekiston | 08:49 / 10.09.2018
9696
8 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomalari DSX organlarida majburiy hisobga qo‘yiladi

Foto: Dreamstime

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Davlat soliq qo‘mitasining “Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan ko‘chmas mulk ijarasi shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, Davlat soliq xizmati organlarida ko‘chmas mulk ijarasi shartnomalarini majburiy hisobga qo‘yish “Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasining namunaviy shakli” asosida amalga oshiriladi.

Ijaraga beruvchi va oluvchi tomonlarning kelishuviga asosan ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasiga “Uy-ro‘zg‘or buyumlarini topshirish-qabul qilish va kommunal to‘lovlar uchun o‘rnatilgan o‘lchov asboblarining ko‘rsatkichlarini qayd qilish dalolatnomasi” ilova qilinishi mumkin.

Ijaraga beruvchi yoki uning vakili ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini shartnoma tuzilgan kundan e'tiboran o‘n kundan kechiktirmay davlat soliq xizmati organida hisobga qo‘yishi shart.

Ijara shartnomasi oylik ijara to‘lovi summasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam me'yorlardan oz miqdorda tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish bepul asosda amalga oshiriladi.

Davlat soliq xizmati organi quyidagi hollarda ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomasini hisobga qo‘yishni rad etadi:

shartnoma qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmasa;

vakolati bo‘lmagan vakil ijara shartnomasini hisobga qo‘yishni so‘rab murojaat etgan bo‘lsa;

shartnomani hisobga qo‘yish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmasa.

Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini majburiy hisobga qo‘yish uchun davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladigan ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi va uni hisobga qo‘yish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar ushbu Nizom va amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart.

Vakolati bo‘lmagan vakilning murojaati asosida ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini davlat soliq xizmati organida majburiy hisobga qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijaraga beruvchi yoki uning vakili ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini hisobga qo‘yish uchun doimiy yashash manzili yoki ko‘chmas mulk joylashgan joyidan qat'iy nazar, istalgan davlat soliq xizmati organiga 3-ilovaga muvofiq so‘rovnoma taqdim etadi.

Davlat soliq xizmati organi ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini majburiy hisobga qo‘yishda belgilangan shaklda to‘ldirilgan so‘rovnomadan tashqari ijaraga beruvchi yoki uning vakilidan shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi va ko‘chmas mulk obektining kadastr yig‘majildini talab qiladi.

Bunda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, ko‘chmas mulklarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma hamda ko‘chmas mulkning umumiy maydoni haqidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan tegishli hujjatlardan nusxa olinib, kadastr yig‘majildining asli qaytarib beriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talabga javob bergan taqdirda, ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi davlat soliq xizmati organi tomonidan bir ish kunida hisobga qo‘yiladi va belgilangan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblanadi.

Davlat soliq xizmati organi tomonidan so‘rovnoma beruvchiga ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi hisobga qo‘yilganligi haqida axborot tizimi orqali 4-ilovaga muvofiq QR-kodli bildirishnoma taqdim etiladi. Bildirishnoma PDF (portable document format) formatida shakllantiriladi.

Bildirishnomaning haqiqiyligini aniqlash uchun QR-kodni maxsus moslama orqali tekshirib ko‘riladi. QR-kodi tekshirilganda shartnoma elektron variantining XML formatiga havola shakllanadi.

Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi davlat soliq xizmati organida hisobga qo‘yilgandan so‘ng, joriy yil uchun hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash haqidagi to‘lov xabarnomasi ijaraga beruvchi (yoki uning vakili)ga taqdim etiladi va uning shaxsiy kabinetiga bir ish kunida yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi hududiy bo‘linmalari tomonidan fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha vaqtincha hisobga qo‘yishda, shuningdek fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla hududida ijarada turuvchi fuqarolardan ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi talab etilishi lozim.

Davlat soliq xizmati organi ijara shartnomasini soliq organlarida majburiy hisobga qo‘ymasdan (yoki ijara shartnomasini bekor qilgan holda) ko‘chmas mulkni ijaraga bergan fuqarolarni qo‘shimcha aniqlashda Internet tarmog‘idagi ijtimoiy saytlarning shu sohadagi reklamalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish va ichki ishlar organlaridan elektron axborot almashinuvi orqali kelib tushgan ma'lumotlardan foydalanadi.

Bunda davlat soliq xizmati organi Internet tarmog‘idagi ijtimoiy saytlar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish va ichki ishlar organlarining ma'lumotlari asosida ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini davlat soliq xizmati organida hisobga qo‘ymasdan (yoki ijara shartnomasini bekor qilgan holda) ijaraga berilgan ko‘chmas mulk obektlarida kuzatuv ishlarini amalga oshiradi.

Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqidagi kelishuvni hisobga qo‘yish taraflar o‘zaro ixtiyoriy ravishda murojaat qilgan taqdirda davlat soliq xizmati organida, boshqa barcha hollarda esa sud tartibida amalga oshiriladi.

Ijaraga beruvchi va oluvchi o‘rtasida tuzilgan ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish 5-ilovaga muvofiq namunaviy kelishuv asosida amalga oshiriladi. Ijaraga beruvchi va uning vakili ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi hisobga qo‘yilgan davlat soliq xizmati organiga ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqidagi kelishuvni hisobga qo‘yish haqida 6-ilovaga muvofiq so‘rovnoma taqdim etadi.

Davlat soliq xizmati organi tomonidan so‘rovnoma beruvchiga ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqidagi kelishuvni hisobga qo‘yilganligi haqida axborot tizimi orqali 4-ilovaga muvofiq QR-kodli bildirishnoma taqdim etiladi.

Bildirishnomaning haqiqiyligini aniqlash uchun QR-kodni maxsus moslama orqali tekshirib ko‘riladi. QR-kodi tekshirilganda ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqidagi kelishuv elektron variantining XML formatiga havola shakllanadi.

Davlat soliq xizmati organida so‘rovnomaga asosan ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini bekor qilinganligi haqida axborot tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid