Jahon | 00:51 / 10.09.2018
26382
2 daqiqa o‘qiladi

Putin bilan saylovlarda tushunmovchilik yuz berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva meri saylovlarida ovoz berishi vaqtida tushunmovchilik yuz berdi. Gap shundaki, Putin o‘z byulletenini saylov byulletenlarini qayta ishlash majmuasiga uchinchi urinishdagina tashlashga muvaffaq bo‘ldi. Keyinroq aniqlanishicha, u byulletenni majmuaga noto‘g‘ri kiritgan. Bu haqda Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova ma'lum qildi.  

“Aniqlanishicha, prezident byulletenni noto‘g‘ri tomoni bilan tashlagan. U byulletenni oldi tomoni bilan tashlamoqchi bo‘lgan, majmualar esa ovoz berish sirini saqlashga amal qilishga dasturlangan”, deb izoh berdi tushunmovchilikka Pamfilova.

Ushbu holat aks etgan videoni Kreml jurnalistlaridan biri Dmitriy Smirnov o‘z Telegram-kanalida joylagan. Videoda Putin haqiqatan ham o‘z byulletenini majmuaga old tomoni bilan kiritmoqchi bo‘lganini ko‘rish mumkin. Uning birinchi urinishidan keyin majmua byulleten noto‘g‘ri kiritilganini ma'lum qilgan. Putin “Yo‘g‘-ye” deb hayratlanib, qog‘ozni yana old tomoni, biroq narigi cheti bilan kiritgan. Qurilma yana qog‘ozni qabul qilmagan. Shunda Putin qog‘ozni majmuaga orqa tomoniga o‘girib kiritgan. Shundan keyingina qurilma uni qabul qilgan. “Endi to‘g‘riga o‘xshaydi”, deb qayd qilib qo‘ygan Putin.

9 sentabrda Rossiyada yagona saylov kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning 80 ta regionida 4,7 mingtadan ko‘proq turli darajadagi saylovlar bo‘lib o‘tgan. Saylovchilar ro‘yxatiga 65 mln kishi kiritilgan. 120 mingdan ko‘proq kuzatuvchi saylovlar borishi ortidan kuzatuv olib borgan.

Mavzuga oid