O‘zbekiston | 00:33 / 12.09.2018
77639
4 daqiqa o‘qiladi

Blogerlar ozod etilmoqda: ulardan biri nimalar bo‘lganini aytib berdi

Avgust oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik bir necha bloger qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarlar ijtimoiy tarmoqda, xususan, feysbukda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi. Shu bilan birgalikda, blogerlar qo‘lga olingani haqida hech qanday rasmiy bayonot berilmadi. 

Shu blogerlardan biri, feysbukda Musannif Adham taxallusida postlar qoldirgan Adham Olimov bugun, 11 sentabr kuni ozodlikka chiqqan.

KUN.UZ muxbiri uning o‘zi bilan aloqaga chiqdi.

«Meni 29 avgust kuni kechki payt uyimdan olib ketishdi. Shundan so‘ng 29 avgustdan 2 sentabrga qadar Toshkent shahar IIBBning yerto‘lasida bo‘ldim. Keyinroq meni u yerdan olib chiqib, Toshkent shahridagi «panelniy»da bugungacha saqlashdi. Jami 14 kun o‘sha yerlarda bo‘ldim. Oliy sudga apellyatsiya yuzasidan ariza yozishgan ekan, shu sabab bir kun oldin chiqarib yuborishdi. Bugun, 11 sentabr kuni soat 20:40da o‘z uyimga, oilam bag‘riga keldim. Ayni paytda kayfiyatim yaxshi. Ma'muriy qamoq bo‘lgani bilan, baribir qamoq, ruhiyatga ta'sir o‘tkazadi. Advokatim orqali boshqa blogerlar ham shunday holatga tushishganini eshitgandim. Ayni damda ularni ham ozodlikka chiqishganini eshitib xursand bo‘ldim. Masalan, Andijondan Otabek Usmonov, Namangandan Dilshod Xalilov qo‘yib yuborilgan. Ularni shaxsan tanimasamda, ammo internet orqali bilardim. 

U yerda bo‘lganimda asosiy so‘ralgan savollar, asosiy muammo, fikrimcha, Muhammad Shakur degan bloger atrofida aylandi. «U odamni taniysanmi?», «Uni qo‘llab-quvvatlamoqchi edingmi?». Shu kabi savollar. Balki boshqa blogerlarga ham shu savollar berilgandir. Hijob va maktab formasi haqida ham bir-ikki savollar berishdi. Men ularga «regulation.gov.uz» saytida qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilganida, rasman ism-sharifim bilan kirib, o‘z fikrimni qoldirganim, bu haqda feysbukda ham yozganimni aytdim», deydi bloger.

Adham Olimov ushlab turilgan vaqtida o‘ziga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan hech qanday jismoniy azoblash holatlari qo‘llanilmaganini ta'kidladi. 

«Menga nisbatan hech qanday jismoniy tomondan tazyiq o‘tkazish holati kuzatilmadi. Faqat suhbat jarayonida ruhiy bosim kuzatildi xolos. Meni olib ketishgach, oila a'zolarimga ham hech qanday ruhiy bosim qilishmagan, ularni bezovta qilishmagan», deydi u.

Bloger bergan ma'lumotlarga ko‘ra, uning telefoni va kompyuteri tekshirish uchun olib qo‘yilgan va uning aytishicha, bu yuzasidan ham savol-javoblar bo‘lishi mumkin. Musannif Adhamga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaslik taqiqi ham qo‘yilmagan.

Ma'lumot o‘rnida: Bundan avvalroq AQSh Davlat departamentining xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha elchisi Sem Braunbek shu kunlarda O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid