Light | 13:26 / 12.09.2018
28290
5 daqiqa o‘qiladi

Taym-menejment – vaqtni befoyda sarflash (mi?)

Bloger Mayo Oshin o‘zining Medium’dagi ustunchasida nima uchun taym-menejment vaqtni befoyda sarflash ekanini tushuntirib berdi. Samaraliroq ishlash uchun quvvatni aql bilan yo‘naltirish kerakligini tushuntirdi.

Uzoq va yuqori samaradorlikning siri vaqtni boshqarish va qattiq ishlashda emas, o‘zingizni, aynan quvvatingizni boshqarishda.

Foto: Unsplash

Bir kunda 24 soat vaqtingiz bor. Nima uchun ko‘pchilik bir kunda boshqa odamlarga qaraganda 10 baravar ko‘proq ish bajarishga ulgurishining sababi ular quvvatini yaxshiroq boshqarishi bilan izohlanadi.

«To‘liq quvvatli hayot. Quvvatni boshqarish – yuqori samaradorlik, salomatlik va baxt kaliti» kitobida Jim Loer va Toni Shvarts quvvatning bir necha turi borligini aytadi:

Jismoniy: Nafas, uyqu sifati, ovqatlanish, qayta tiklanish va tananing jismoniy holati.

Hissiy: O‘z-o‘ziga ishonch, o‘zini nazorat qilish, ijtimoiy ko‘nikmalar, empatiya.

Aqliy: Aqliy tayyorgarlik, tasavvur, samarali taym-menejment va ijodkorlik.

Ruhiy: Xarakter, qiziqish, ilhom va haqgo‘ylik.

Quvvatni boshqarish samaradorlik uchun muhim rol o‘ynaydi. Diqqatni vaqtga emas, quvvatga qaratishning boshqa sabablarini o‘rganamiz.

1. Taym-menejment tizimi odamni ayab o‘tirmaydi

U mashina uchun a'lo darajadagi tizim, ammo odam uchun emas. U quvvatimiz darajasini hisobga olmaydi. Ayonki, kunning turli qismida ish sifatimiz ham har xil. Bu tizim odamlarga xos bo‘lgan mazkur hissiy, aqliy va quvvat omillarini hisobga olmaydi.

Foto: Unsplash

Yechim: rejalashtirish paytida vaqtga emas, o‘z quvvatingizga qarab yo‘nalish belgilang.

Eng muhim vazifalarni kunning eng unumli qismi – aynan tongga mo‘ljallang. Gap shundaki, uyqudan keyin kuchimiz ko‘p ekanini his qilamiz. Ijodkorlikni talab etmaydigan yengil vazifalarni kechki paytga qoldiring.

Quvvat darajasiga qarab kunni rejalashtirishga oddiy misol:

  • Ijodkorlik quvvati (yaxshisi 4:00 dan 11:00 gacha)
  • Ijtimoiy quvvat (yaxshisi 18:00 dan 23:00 gacha)
  • Muloqot uchun quvvat (qo‘ng‘iroqlar, elektron xatlar, xabarlar – yaxshisi 14:00 dan 17:00 gacha)
  • O‘rganish uchun quvvat (yarim kundan tashqari istalgan payt)
  • Jismoniy quvvat (sport – yaxshisi 12:00 dan 14:00 gacha)

2. Taym-menejment xavotir uyg‘otib, bizni baxtsiz qiladi

Bu tizim odam uchun real bo‘lmagan samaradorlik va mukammallikning o‘ta yuqori standartini ilgari suradi.

Ko‘pincha o‘zimizni vazifalarni bajarmaganimiz, hordiq chiqarayotganimiz uchun ayblaymiz. Qanchalik qattiq ishlamaylik, yana ko‘p ishlar qolib ketadi.

Xavotir aybdorlik hissini oshiradi. Shuning uchun anchagacha uxlamay, ishlar ro‘yxati haqida o‘ylaymiz. Dam olish va vaqtimizni do‘stlar davrasida mazza qilib o‘tkazish o‘rniga xavotirga tushamiz.

Foto: Unsplash

Yechim: doimiy hordiqni rejalashtiring.

Hordiq va qayta quvvatlanish samarali ishlashingizda yordam beradi. Agar dam olish uchun vaqt ajratishni boshlasangiz, unumdorlik darajasidagi o‘zgarishlarga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

3. Taym-menejment – «vaqtni befoyda ketkazish»

Qimmatli vaqtimizni rejalashtirish, o‘qish va taym-menejmentga sarflaymiz. Harakat qilish o‘rniga kunimizni rejalashtiramiz xolos. Shu yo‘l bilan biror narsaga erishdik, deya o‘zimizni aldaymiz.

Gap shundaki, taym-menejment – vaqtni besamar ketkazish. Biz ko‘pincha bajarishni istagan ishlarga ulgurmaymiz. Vazifalarni haqiqatan ham amalga oshirish muhimroq.

Foto: Unsplash

Yechim: quvvatingiz darajasi yuqori bo‘lganida ko‘nikmalarni ishlab chiqing va ularni amalga oshiring.

Muvaffaqiyatli kishilar mana bunday qilishadi:

  • Uorren Baffet ertalab soat 6:45 da uyg‘onadi va kunni gazeta, kitoblarni o‘qishdan boshlaydi.
  • Richard Brenson soat 5:00 da uyg‘onadi va sport bilan shug‘ullanadi. Ishga kirishishdan avval vaqtini oila davrasida o‘tkazadi.

Muvaffaqiyatli kishilar vaqtni boshqarmaydilar, ular odatda quvvat darajasi yuqori bo‘lganida faol harakat qilishadi va shu yo‘l bilan doimiylik ustida ishlaydilar. Samaradorligingizga hissa qo‘shadigan shaxsiy kundalik odatingizni o‘ylab toping.

Xulosa

Ko‘pincha taym-menejment odamning samaradorligiga hissa qo‘shadigan asosiy omillarni hisobga olmaydi. Biz – kuniga 24 soat ideal ishlashi mumkin bo‘lgan mashina yoki robot emasmiz. Hislarimiz, quvvatimiz va irodamiz bu- sikl.

Taym-menejmentga diqqatni qaratish o‘rniga muhim ishlarni kunning eng unumli qismiga rejalashtiring. Dam olishni unutmang. Amal qiladigan odatlaringizni shakllantiring. Siz vaqtni boshqara olmaysiz, biroq o‘zingizni boshqarishingiz mumkin.

Mavzuga oid